Prezident tomonidan davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha imzolangan qarorda fuqarolarga noqonuniy qurilish holatlari bo‘yicha murojaat yuborish imkoni yaratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra:

  • «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida fuqarolardan noqonuniy qurilish holatlari yuzasidan murojaatlarni onlayn qabul qilish imkoni yaratiladi;
  • oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladgan imtiyozlarning ro‘yxati yagona xujjatda shakllantiriladi hamda ushbu imtiyozlarni umumiy kvotaga kiritmaslik to‘g‘risidagi qoida belgilanadi;
  • oliy ta’lim muassasalarda talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash joylashtirishnig elektron tizimi joriy etiladi;
    avtobekatlarda tadbirkorlik obyektlarini joylashtirishga ruxsat berishning shaffof elektron mexanizmlari yaratiladi;
  • tashqi reklama obyektlarini joylashtirish onlayn auksion tartibiga qat’iy rioya etgan holda amalga oshiriladi va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

2022 yil 1 sentabrdan boshlab, «E-Anticor.uz» elektron platformasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholashni nazarda tutuvchi «Ye-Antikorrupsiya» loyihasi to‘liq ishga tushiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan «Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri» («past», «o‘rta» va «yuqori» o‘lchovlarida) shakllantiriladi va internetda ochiq e’lon qilib boriladi. Har bir aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tavsifi va darajasi, ularni bartaraf etish bo‘yicha choralarni o‘z ichiga oluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini tuzish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilning oktabr oyiga qadar «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual platformasi» loyihasini ishga tushiradi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvargacha davlat boshqaruvi organlarida quyidagi talablar asosida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi:

  • vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda amalga oshirish;
  • tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazaga jamlagan holda axborotni to‘plash va unga ishlov berish;
  • kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish;
  • xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy o‘qitish;
  • kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivini yuritish.