Ukrainadagi urush, boshqa og‘ir salbiy oqibatlari bilan bir qatorda, hozirgi globallashuv jarayonlariga ham tahdid solmoqda. Ko‘plab mamlakatlar Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar kiritmoqda, yirik korporatsiyalar Rossiya bozorini tark etmoqda, bundan tashqari ayrim davlatlar muayyan tovarlar eksportiga cheklovlar o‘rnatmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarining qiyinlashishi, qimmatlashishi va cheklanishi kabi holatlar Ikkinchi jahon urushidan keyin jadal rivojlana boshlagan erkin savdoning kelajagini yana xavf ostida qoldirmoqda — xuddi Birinchi jahon urushining boshlanishi bilan globallashuvning birinchi to‘lqini to‘xtab qolganidek.

Ayniqsa, ayrim davlatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga vaqtincha cheklovlarning joriy etilishi rivojlanayotgan hamda nisbatan kambag‘al davlatlar uchun og‘ir zarba bo‘ladi. Sababi — past daromadli davlatlarda oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy iste’moldagi ulushi nisbatan yuqori hisoblanadi. Boshqacha aytganda, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi kambag‘alroq davlatlar aholisiga ko‘proq seziladi.

Urush boshlanganining dastlabki kunlaridanoq ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining global narxlari keskin o‘sa boshladi. Xususan, kungaboqar yog‘i eksportida yetakchi mamlakatlar hisoblangan Rossiya va Ukraina iqtisodiyotidagi beqarorlik fonida jahon bozorida o‘simlik yog‘i narxlari keskin ko‘tarildi. Masalan, Ukrainadan import qilinadigan kungaboqar yog‘iga kuchli bog‘langan Hindistonda uning oylik inflyatsiya darajasi 9% ga yaqinlashib ulgurdi.

Bundan tashqari, don mahsulotlari narx indeksining keskin o‘sishi kuzatilmoqda. Mart oyida jahon bozorida don mahsulotlari indeksi 12,6% ga oshgan va bunday keskin o‘sish bug‘doy narxining sezilarli ko‘tarilganligi bilan izohlanadi. Shuningdek, go‘sht narxi indeksi mart oyida 4,8% ga oshgan. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining qisqa muddatda bunday keskin oshishi, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, nisbatan past daromadli davlatlar uchun nihoyatda og‘riqli kechadi.

2021 yilning may hamda oktabr oylarida O‘zbekistonda bir nechta asosiy oziq-ovqat mahsulotlari realizatsiyasi hamda importi QQSdan ozod qilindi. Qayd etish joizki, berilgan QQS imtiyozlari o‘tgan davr mobaynida, qaysidir ma’noda, ichki bozordagi narxning sezilarli barqarorlashuviga xizmat qildi. Biroq bunday barqarorlik asosan mazkur mahsulotlar import hajmining sezilarli oshganligi hisobiga kuzatilayotgan edi. Masalan, 2021 yil may oyida yog‘ mahsulotlari realizatsiyasi hamda importi QQSdan ozod qilingandan so‘ng yil davomida yog‘ mahsulotlari narxi barqaror saqlanib qoldi hamda ba’zi oylarda hatto pasaydi. Lekin fevral oxirida urush harakatlarining boshlanishi ortidan yog‘ narxlari o‘sish sur’ati nisbatan tezlashdi. Chunki mamlakatga o‘simlik yog‘i importining qariyb 90% qismi Rossiya va Qozog‘iston orqali kirib keladi.


Grafik: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

2021 yil oktabr oyida go‘sht va kartoshka mahsulotlari importi hamda realizatsiyasi QQSdan ozod qilingan edi. Imtiyozli davr boshidan fevral oyigacha bo‘lgan davrda go‘sht mahsulotlari narxi qariyb 1% ga pasayganligini kuzatishimiz mumkin. Albatta, joriy etilgan imtiyozlarning hajmi bilan solishtirilganda go‘sht mahsulotlari narxlarining pasayishi juda kichik. Lekin bu borada xulosa qilishdan oldin ayrim jihatlarni sanab o‘tish va inobatga olish zarur.

Birinchidan, go‘sht mahsulotlarini QQSdan ozod qilish qisqa muddatda ichki bozorda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmaydi. Buni go‘sht bozorining o‘ziga xosligi — mahsulot yaratish va uni realizatsiya qilish orasidagi nisbatan uzoq muddat bilan izohlash mumkin. Imtiyozli davrda ichki bozordagi narxga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy omil — bu import hajmi. Ammo go‘sht mahsulotlari importi umumiy go‘sht iste’molida juda kichik ulushga ega ekanligi go‘sht mahsulotlari importining ichki bozorga ta’sirini chegaralaydi.

Ikkinchidan, imtiyoz berilguncha bo‘lgan davrda go‘sht mahsulotlari narxi sezilarli sur’atda o‘sib kelayotgan edi. Ya’ni QQS bo‘yicha berilgan imtiyoz (asosan importning arzonroq kirib kelishi hisobiga) go‘sht mahsulotlari narxlari o‘sishining sekinlashishiga xizmat qilgan.

Kartoshka uchun berilgan imtiyozlar ham asosan import hajmining ortishi evaziga ichki bozordagi narxga ta’sir o‘tkazdi. 2021 yil avgust oyidan boshlab O‘zbekistonda kartoshka narxlari, 2020 yilning mos davridagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda, sezilarli oshishni boshlagan edi. Imtiyozli davr boshlanishi bilan narx o‘sishi dastlab sekinlashdi, fevral oyidan boshlab hatto pasayuvchi tendensiyani namoyon qilib kelmoqda. Bu tendensiyani aynan kartoshka importi hajmining sezilarli oshganligi bilan izohlash mumkin (aprel oyidagi narx pasayishi asosan mavsumiy pishiqchilik davri bilan bog‘liq). Masalan, joriy yilning yanvar-mart oylarida kartoshka importi 10,4 ming tonnani tashkil etgan hamda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 4,6 ming tonnaga yoki 1,8 barobarga oshgan.


Grafik: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Yaqinda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun QQS bo‘yicha imtiyozlar muddatini 31 dekabrgacha uzaytirilganligi haqida xabar qilindi. Ko‘pchilikda imtiyozli davrning uzaytirilishi qanday o‘zgarishlar olib kelishi mumkin, degan savol tug‘ilgan bo‘lishi tabiiy.

Imtiyozli davr yana uzaytirilishiga qaramay ayrim turdagi tovarlar uchun narx barqarorligini saqlab qolish endilikda bir muncha qiyin bo‘lishi mumkin, ba’zi tovarlar narxini barqaror saqlab qolishning ehtimoli esa nisbatan yuqori. Xususan, kartoshka kabi mahsulotlarining mavsumiy pishiqchilik davri kelganligi uning narxi pasayishiga xizmat qilishi ham shubhasiz.

Kelayotgan oylarda o‘simlik yog‘i (umuman yog‘lar) narxini barqaror ushlab turish qaror qabul qiluvchilar uchun mushkul vazifaga aylanadi. Chunki yog‘ narxining barqarorligini ta’minlash to‘laqonli ichki imkoniyatlarimizga bog‘liq emas.

Birinchidan, Ukrainadagi urushning boshlanishi butun dunyoda o‘simlik yog‘i narxlarining sezilarli darajada o‘sishiga sabab bo‘ldi. Bu esa boshqa shartlar o‘zgarmagan holatda ham mamlakatimizda narx tebranishlariga olib kelishi muqarrar. Chunki O‘zbekiston o‘simlik yog‘ini (shuningdek, xomashyo ham) katta hajmda import qiladi.

Ikkinchidan, urush fonida Rossiya hamda Qozog‘iston o‘z ichki bozorlaridagi narx barqarorligini ta’minlash maqsadida kungaboqar yog‘i va kungaboqar ozuqasi uchun vaqtinchalik eksport kvotasini joriy etdi. Eksport kvotasi bu eksportning butunlay to‘xtatilishini emas, balki eksport hajmiga ma’lum darajada cheklov o‘rnatilganligini anglatadi. Masalan, Rossiya sentabr oyiga qadar kungaboqar yog‘i eksportiga 1,5 mln tonna miqdorida, kungaboqar ozuqasiga esa 700 ming tonna miqdorida kvota o‘rnatdi.

Qozog‘iston esa 2021 yilning avgust oyidayoq kungaboqar yog‘i hamda ozuqasi eksportiga 2022 yilning iyul oyiga qadar eksport kvotasi o‘rnatgan edi. Xususan, kungaboqar yog‘i uchun oylik eksport kvotasi 32 ming tonna bo‘lsa, kungaboqar urug‘lari uchun 15 ming tonna miqdorida belgilangan edi. Ta’kidlash joizki, o‘rnatilgan eksport kvotasi mamlakatning amaldagi oylik eksport hajmidan ancha yuqori bo‘lsa-da, 2021 yil sentabr hamda 2022 yil yanvar oylari oralig‘ida Qozog‘istonning umumiy kungaboqar eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 21% ga pasaygan. O‘zbekistonga eksport hajmi esa bu davrda taxminan 17% ga qisqargan.


Manba: https://www.apk-inform.com/en/news/1526259

Qayd etish kerakki, Qozog‘iston bilan vaziyat eng kamida iyul oyiga qadar o‘zgarmaydi. Qozog‘istondan import hajmi biroz kamayishi hamda jahon bozoridagi vaziyatdan kelib chiqqan holda qimmatlashishi mumkin.

Rossiya hukumati 2021 yilning ikkinchi yarmida kungaboqar yog‘i eskporti uchun tariflarni oshirganligi, urush boshlanganidan keyin kungaboqar yog‘i hamda uning ozuqasi eskportiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatganligi esa O‘zbekiston ichki bozoriga ham ta’sir qilishi ehtimoli yuqori.

2021 yil ikkinchi yarmida Rossiyada kungaboqar yog‘i eksportiga qo‘yiladigan eksport boji stavkasining oshirilishi mamlakatimizga Rossiyadan kirib kelayotgan yog‘ importini keskin pasaytirgan edi. Bu tendensiya ko‘pchilikda yanglish fikrni keltirib chiqarishi mumkin. Ya’ni Rossiyadan yog‘ importi 2021 yildayoq kamaya boshlagan ekan, yog‘ eksportiga kiritilgan yangi cheklovlarning ichki bozorimizga ta’siri kuchli bo‘lmaydi, degan tasavvur uyg‘onishi ehtimoldan yiroq emas. Umuman olganda, bu fikrda qisman jon bor.

Biroq bu borada boshqa bir farazga ham e’tibor qaratish maqsadga muvofiq — Rossiyadan yog‘ importi kamaymagan, balki u O‘zbekistonga katta ehtimol bilan boshqa nom ostida kirib kelmoqda. Masalan, yanvar-fevral oylarida Rossiyadan import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qatorida yog‘ mahsulotlari umuman ko‘rsatilmagan, sababi yog‘ importi hajmi juda kichik bo‘lgan (yoki bir qismi Qozog‘iston orqali kirib kelgan). Ayni paytda, margarinning import hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,8 barobarga oshgan va Rossiyadan kirib keladigan asosiy import tovariga aylangan. Tabiiy savol tug‘iladi — qisqa muddatda hech qanday sababsiz mamlakatimizda margarin iste’moli shu darajada keskin oshib ketdimi? Albatta, yo‘q. Nazarimda, bunday tendensiyaning kuzatilishiga asosiy sabab — Rossiyada yog‘ eksportiga tariflarning oshirilishi. Ya’ni eksportyorlar (yoki importyorlar) oshirilgan eksport tariflarini aylanib o‘tish maqsadida «yog‘ni margaringa aylantirish» orqali o‘z xarajatlarini kamaytirayotgan bo‘lishi mumkin. Margarin iste’molining bu tarzda asossiz keskin o‘sishi hech bir sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga o‘simlik yog‘i importida taxminan 60% ulushga ega bo‘lgan mamlakatdan import hajmining bunday keskin pasayishi ichki bozordagi narxga ta’sir o‘tkazmaydimi? Albatta o‘tkazishi kerak edi va o‘simlik yog‘i narxining nisbatan tez sur’atda o‘sishi yanvar-fevral oylaridayoq kuzatilgan bo‘lardi.

Umuman olganda, Rossiya tomonidan kiritilgan cheklov bir nechta jihatlar orqali ichki bozorimizga ta’sir qiladi. Birinchidan, Rossiya o‘rnatgan eksport kvotasi O‘zbekistonga Rossiyadan yog‘ importi hajmini kamaytirishi mumkin. Lekin hozirgi kunda Rossiyadan yog‘ nomi ostida kirib kelayotgan import tovari hajmi juda kichik ekanligini hisobga olsak, bu omilning ta’siri kuchli bo‘lmaydi — o‘z navbatida, margarin importi oshishda davom etishi mumkin.

Ikkinchidan, Rossiyaning yog‘ eksportiga cheklovi mamlakatimizga Qozog‘istondan kirib keladigan yog‘ importi hajmini kamaytirishi mumkin. Rossiya va Qozog‘iston Yevroosiyo Ittifoqiga a’zo davlatlar bo‘lganligi bois ular orasida tovarlar harakati uchun deyarli hech qanday cheklov mavjud emas (istisno holatlarni hisobga olmasak). Ya’ni bu ikki mamlakat orasida bojxona ittifoqi rejimi amal qiladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizga Qozog‘istondan kirib kelayotgan yog‘ mahsulotlarining bir qismi aslida Rossiyada ishlab chiqarilgan hamda Qozog‘iston orqali re-eksport qilinayotgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Rossiya hukumati o‘rnatgan cheklov esa Qozog‘istondan kirib keladigan importga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin (ammo bu ta’sir sezilarli darajada bo‘lmaydi).

Uchinchidan, jahon iqtisodiyotidagi umumiy beqarorlik ortidan yog‘ narxlarida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Bu kelgusi oylardan O‘zbekiston ichki bozoriga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Ya’ni import hajmi kamaymagan taqdirda ham import qilinadigan yog‘ endilikda nisbatan yuqori narxlarda kirib kela boshlaydi. Bu, o‘z navbatida, ichki bozorda narxning o‘sishga sabab bo‘ladi (bunday tendensiya mart oyidan boshlanib ulgurgan).

Go‘sht mahsulotlari uchun imtiyozli davrning uzaytirilishi, yog‘dan farqli ravishda, ichki bozorda nisbatan barqaror vaziyatni vujudga keltirishi yoki narx o‘sishi kuzatilgan taqdirda ham, bu o‘simlik yog‘i bilan taqqoslaganda sezilarli darajada past bo‘lishi mumkin. Birinchidan, jahon bozorida go‘sht narxlari o‘sish sur’ati o‘simlik yog‘i narxlari bilan taqqoslaganda u qadar yuqori emas. Ikkinchidan, O‘zbekistonga import go‘shtning qariyb 60% qismi Belarusdan kirib keladi. Belarus kelgusi oylarda O‘zbekistonga go‘sht eksportini oshirishni rejalashtirmoqda. Yuqorida keltirilgan ikki sababga ko‘ra yangi imtiyozli davrda go‘sht mahsulotlari narxi barqaror saqlanib qolishining ehtimoli yuqori.

Kartoshka uchun pishiqchilik davri kelayotganligi taxminan avgust oyiga qadar kartoshka narxlarida pasayuvchi tendensiya kuzatilishiga zamin yaratadi. Mavsumiy pishiqchilik davri tugagach, kartoshka narxida o‘sish kuzatilishi mumkin. Agar imtiyozli davr dekabr oyiga qadar uzaytirilsa, bu kartoshka importi hajmining yuqori darajada saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, mavsumiy pishiqchilik tugagandan keyin ham kartoshka narxlarining barqaror saqlanib qolishiga yoki kutilganidan sekinroq o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, Ukrainadagi urush fonida 2022 yil biz kabi past daromadli mamlakatlar uchun judayam sinovli davr bo‘ladi. Ayni shu kutilmada Markaziy bank 2022 yilda inflyatsiya darajasi uchun yangi 12−14% lik targetni belgiladi. Ya’ni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi xavfi ortib borayotganligi regulyator o‘z kutilmalarini o‘zgartirishiga sabab bo‘ldi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini narxlarining oshishi global miqyosda asosiy xavotirlardan biriga aylanib ulgurdi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini katta hajmda eksport qiluvchi ayrim davlatlar ba’zi turdagi oziq-ovqat tovarlariga vaqtinchalik eksport cheklovlari o‘rnatmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yuqori sur’atda o‘sishi xavfining oldini olish maqsadida ba’zi turdagi tovarlarni ishlab chiqarish hamda import qilish uchun berilgan imtiyozli davrni yana uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Umuman olganda, imtiyozli davrning uzaytirilishi ichki bozorga, 2021 yilda bo‘lgani kabi, asosan import tovarlari (qisman ichki bozordagi o‘zgarishlar) orqali ta’sir qilishi mumkin. Lekin joriy yilda tashqi beqarorliklarning jahon bozoriga, xususan ichki bozorimizga ham ta’siri yuqori. Shu sababli ba’zi tovarlar uchun imtiyozli davrning uzaytirilishi amalda bu tovarning narxi barqaror saqlanib qolishi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Yog‘ mahsulotlari narxi, yuqorida ta’kidlanganidek, kelayotgan oylarda qaror qabul qiluvchilar uchun eng asosiy masalaligicha qolaveradi. Chunki yog‘ mahsulotlari narxi allaqachon sezilarli darajada o‘sishni boshlab ulgurdi. Ammo QQS bo‘yicha imtiyozlar go‘sht hamda kartoshka mahsulotlari narxi yilning ikkinchi yarmida ham barqaror saqlanib qolishiga zamin yaratishi mumkin. Chunki kartoshka yoki go‘sht mahsulotlari uchun tashqi beqarorlik yog‘ mahsulotlari kabi yuqori emas.

Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.