10 may kuni «Space Technology Conference STC-2022» xalqaro konferensiyasi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov SpaceX kompaniyasi vakili Ben Mak Vilyams bilan uchrashdi.

SpaceX bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Vazirlik xabariga ko‘ra, kompaniya vakili O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

O‘z navbatida AKT vazirligi tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida kompaniya vakiliga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish bo‘yicha takliflar berildi.

Foto: O‘zbekkosmos agentligi.

Bundan tashqari, SpaceX vakili O‘zbekkosmos agentligi bosh direktori Shuhrat Kadirov bilan ham hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Xususan, SpaceX tomonidan sun’iy yo‘ldosh orqali yuqori tezlikdagi keng polosali Internetga ulanish uchun amalga oshirilayotgan Starlink loyihasini O‘zbekiston bozoriga kirishi muhokama etildi.

Muloqot yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga va hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi, deyiladi agentlik xabarida, biroq qaysi masalada hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni prezident qarori bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida kosmik fazoni tinchlik maqsadlarida tadqiq etish va foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangandi. Mazkur Bitim 2021 yil 6 dekabrda Nur-Sulton shahrida imzolangan.

Qolaversa, seshanba kuni UniSat ta’lim dasturining 20 nafar o‘quvchi-qizi Navoiy viloyatida o‘zi yasagan ultrazamonaviy nano sun’iy yo‘ldoshini stratosferaga uchirgani haqida yozgandik. Qizlar uning yordamida havoning ifloslanishi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi.