O‘zgidromet O‘zbekiston bo‘yicha 10−13 may kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, ushbu hafta salqin bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi.

Bugun O‘zbekistonning barcha hududlari Kavkaz hududlaridan kirib kelgan salqin va nam havo massasi ta’siri ostida bo‘ldi. Hududlarning katta qismida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayadi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat foni kunning me’yoriy qiymatlaridan +3, +4 darajaga kam bo‘ladi va +20, +25 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

11 may kuni faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechasi va ertalab, Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarda esa kun davomida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli saqlanib turadi. Harorat kechasi +12…+17, kunduzi +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

Payshanba kuni respublikaning shimoliy hududlariga yana nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda, bunda Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatining ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

13 may, juma kuni nam va salqin havo massasi respublikaning barcha hududlarini kamrab oladi, ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi. Shimolda yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Ushbu kunlarda harorat kechalari +12…+17 darajani, kunduz kunlari 12 mayda +23…+28 darajani tashkil etadi, 13 mayda yomg‘ir paytida +21…+26 darajagacha pasayadi.

Hafta davomida respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin.