AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga yengillashtirilgan tartibda qurol yuborish imkonini beruvchi lend-liz to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bunday qonun oxirgi marta Ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh tomonidan ittifoqchilarga yordam yuklarini yuborish uchun qabul qilingan, deb yozmoqda The New York Times.

Qonunga ko‘ra, endilikda AQSh prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga yoki Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan jabr ko‘rgan Sharqiy Yevropa davlatlariga qarz yoki harbiy qurollarni qarz yoki ijaraga berish bo‘yicha hukumatga topshiriq berishi mumkin. Qonun o‘rtadagi katta vaqt oladigan byurokratik to‘siqlarni chetlab o‘tishga imkon beradi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidanoq, AQSh ma’muriyati Ukrainaga faqat mudofaa uchun qurol yuborishni muhokama qilgan bo‘lsa, so‘nggi haftalardagi vaziyat ularni nafaqat mudofaa, balki hujum pozitsiyasida Rossiyani mag‘lub etish va hatto kuchsizlantirish haqida o‘ylashga undamoqda, deyiladi NYT xabarida.

O‘z navbatida, Ukrainaga 33 mlrd dollar harbiy va gumanitar yordam berishni ko‘zda tutuvchi mazkur dasturni Kongressdagi demokratlar yana qariyb 7 mlrd dollarga oshirishni rejalashtirmoqda. NYT manbasiga ko‘ra, respublikachilar ko‘proq harbiy xarajatlar yuborishni, demokratlar esa gumanitar yordamni ham teng ravishda jo‘natishni va dastur hajmini 39,8 milliard dollarga ko‘tarishni taklif etgan.

The New York Times nashri Bayden lend-liz bo‘yicha hujjatni Rossiyada fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaning 77-yilligi nishonlanadigan G‘alaba kunida imzolaganiga e’tibor qaratdi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki 9 may haqida fikr bildirarkan: «Bu kun Yevropada tinchlik va birdamlik hamda Ikkinchi jahon urushida natsistlarning mag‘lubiyatini nishonlash haqida bo‘lishi kerak», dedi. «Va buning o‘rniga, Putin o‘zining asossiz urushini oqlash uchun tarixni buzmoqda, uni o‘zgartirishga harakat qilmoqda».

Shuningdek, AQSh vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Kiyevga qilgan safari chog‘ida Amerika «g‘alaba qozonmaguncha Ukraina bilan birga bo‘lishini», aytdi.

Ma’lumot o‘rnida, ilk marotaba 1941 yilda AQShning 32-prezidenti Franklin Ruzvelt tomonidan imzolagan lend-liz to‘g‘risidagi qonun orqali Qo‘shma Shtatlarning urushda qatnashayotgan ittifoqchilariga qurol-yaroq, neft mahsulotlari, tibbiy vositalar va oziq-ovqat mahsulotlarini oldindan to‘lovsiz, uzoq muddatga yubora olgan. Xususan, AQShning urushdagi ittifoqchisi SSSRga ham yordam jo‘natilgan.