10 mayda prezidentning «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori [239-son] qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hamda Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida Kosmik fazoni tinchlik maqsadlarida tadqiq etish va foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (Bitim) tasdiqlandi.

Mazkur Bitim 2021 yil 6 dekabrda Nur-Sulton shahrida imzolangan.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.

Adilet.zan.kz nashri tomonidan e’lon qilingan kelishuv loyihasi matniga ko‘ra, hamkorlik sohalari quyidagilardan iborat:

  • kosmik sanoatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
  • kosmik fanlar va kosmik tadqiqotlar, shu jumladan astrofizik tadqiqotlar va sayyoralarni o‘rganish;
  • Yerni masofadan zondlash;
  • kosmik apparatlar, raketalar va boshqa kosmik qurilmalarni ishlab chiqish;
  • yer usti kosmik infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish;
  • kosmik kemalar va ilmiy asbob-uskunalarni uchirish;
  • sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlari va texnologiyalari;
  • sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari, translyatsiya va texnologiyalar;
  • kosmik muhitni muhofaza qilish, shu jumladan unga texnogen ta’sirni nazorat qilish, oldini olish va kamaytirish;
  • kosmik sanoatida standartlashtirish;
  • yangi kosmik texnika va texnologiyalarni yaratish uchun birgalikdagi faoliyat natijalaridan foydalanish va hokazo.

Bitimga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston koinot sohasida qo‘shma dasturlar, loyihalar va kosmos bo‘yicha tadbirlarni, axborot, bilim va ma’lumotlar almashish, kosmik qurilmalarni uchirish va boshqarish uchun yer usti vositalari va tizimlaridan foydalanish va h.k. birgalikda ishlab chiqishi va amalga oshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekkosmos» agentligi Buyuk Britaniyaning Dialogue Events kompaniyasi bilan birgalikda 10−11 may kunlari Toshkentda Markaziy Yevroosiyo mintaqasida birinchi Space Technology Conference STC-2022 konferensiyasini o‘tkazadi. Unda kosmik faoliyat sohasidagi yetakchi kompaniyalar — Maxar, SpaceX, Viasat (AQSh), Airbus (Fransiya) va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.