3 may kuni soat 10:00 larda, Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani hududidan o‘tuvchi 4R-65 avtomobil yo‘lining 23−24-kilometrlari oralig‘ida «Yutong» rusumli avtobus yo‘l chetiga ag‘darilgan. Bu haqda IIV YHXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 1973 yilda tug‘ilgan K.O‘. «ehtiyotsizligi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotgan» va avtobus yo‘l chetiga ag‘darilgan. YTH natijasida 5 nafar yo‘lovchilar tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Daryoning viloyat IIB axborot xizmati rahbari O‘ktam Usmonovga tayanib yozishicha, avtobusda jami 25 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.


Ushbu YTH yuzasidan Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.