O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida jamoat joylarida yurgan soqol qo‘ygan erkaklarni ichki ishlar bo‘limlariga olib borib, soqolini olib tashlagachgina qo‘yib yuborishgani haqida xabarlar tarqaldi.

Abdurahmon Mufid (Abu Vines) nomi bilan tanilgan vayner Abdurahmon Abdurahmonov o‘zining Instagram`dagi sahifasida (1,3 mln obunachiga ega) soqolsiz tushgan rasmini joyladi.

«Har ishda bir hikmat bor, ko‘rib turganingizdek soqol olindi. Sizlardan iltimos, nima bo‘ldi, nima uchun soqolni oldingiz, tinchlikmi, muammo bormi degan savolni bermanglar. Javob berishga qiynalishim mumkin. Lekin ko‘rgan, bilgan odamlarning o‘zlari tushunib olishdi degan umiddaman. Nima ham deymiz, ijodni yanada kuchaytiramiz, har qanday holatda ham ijod qilishdan, insonlarga motivatsiya berishdan to‘xtamaslikka harakat qilamiz. Sizlarni yaxshi ko‘raman, duolaringizdan umidvorman», — deb yozib qoldirdi u.

Facebook foydalanuvchisi Muhammadyusuv ibn Qobil 6 may kuni kechasi soqol olishdan oldin va undan keyingi suratlarini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki surat orasidagi vaqt 5 soatni tashkil qiladi va u tuman IIBga tashrifdan so‘ng soqolni qirtishlashga majbur bo‘lgan. «Gazeta.uz» bilan suhbatda u vaziyat qanday sodir bo‘lganini so‘zlab berdi.

«Men shampun va boshqa tovarlarni sotish bo‘yicha agent bo‘lib ishlayman. Ish vaqtimda meni ko‘chada Yo‘l-patrul xizmati xodimi to‘xtatdi va shaxsimni aniqlashtirish uchun biz bilan birga borishingiz kerak deyishdi. Men boshlig‘imga (Muhammad Ma’rufni — tahr.) xabar berib qo‘yay degandim, yo‘q o‘sha yerda (bo‘limda — tahr.) xabar berishim mumkinligini aytishdi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uni bundan oldin ham shaxsini aniqlashtirish uchun to‘xtatishgan, biroq, Chilonzor IIBda hujjatlarni tekshirishgach qo‘yib yuborishgan va soqolni ham oldirishmagan.

«Men yana shunaqa bo‘ladi deb o‘ylagandim va borishga rozi bo‘ldim. Bu Uchtepa tumanida bo‘ldi. Meni GOMga (Shahar militsiya bo‘limi — tahr.) olib borishdi. Soqol olish uchun olib kelganmiz deyishdi. Soqolim bo‘yicha muammo bo‘lsa kerak deb gumon qilib, mashinaga chiqqanimda rasmga tushib olgan edim», — deya qayd etdi u.


Muhammad Ma’ruf. Foto: Facebook / Kun.uz.

Muhammadyusuf tasdiqlashicha, undan tashqari bo‘limda soqolni olishga majburan olib kelingan yana kamida 10 kishi bo‘lgan.

«Ularni soni o‘zgarib turdi. Kimnidir olib kirishadi, ular „mashinka“ yordamida soqolini o‘zi oladi yoki kimdandir buni qilishni iltimos qiladi. Ularni soqol bilan va soqolsiz holatda suratga olishadi, keyin qo‘yib yuborishadi. Hech qanaqa hujjatga qo‘l qo‘ydirmasdan chiqarib yuboraverishdi… Ko‘chada boshlig‘im kutib turgandi, soqoli borligi uchun ularni ham ichkariga olib kirishdi. Soqolni olasizlar, busiz bu yerdan chiqib ketishni iloji yo‘q deyishdi. Biz olmaymiz, qonunda bu yozilmagan deb tushuntirdik. Keyin boshqa kattaroq xodimlar kirdi, nimaga oldirishga ko‘nmayapsan deb so‘radi, sen mutaassib bo‘lib qolibsan deb gapirdi. Xodimlar tepadan shunaqa buyruq olishganini, „agar bu ishimiz noqonuniy bo‘lganida, biz bu yerda ishlamas edik“ deb aytishdi», — deya so‘zlab berdi u.

Uning ta’kidlashicha, ularni ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish va 15 sutkaga hibsga olish bilan qo‘rqitishgan.

«15 sutka o‘tirasizlar va baribir soqolingni olasizlar dedi… Oxiri kirishda topshirib kirgan telefonimni olishdi va uni titkilashni boshlashdi. Uni paroli yo‘q edi. Galereya, Telegram`dagi yozishmalarni hammasini tekshirishdi. Guvohlar yo‘q edi, faqat o‘sha yerda ishlaydigan xodimlar tekshirishdi. Meni telefonimda Yorqinjon Fozilov domlaning (2021 yilda vafot etgan — tahr.) ancha yil oldin kimgadir tashlagan videosini topishdi. U taqiqlanmagan edi. Yana bir nechta guruhlar bor ekan», — dedi u.

Xodimlar, uning so‘zlariga ko‘ra, «diniy materiallarni tarqatishda ayblab, 15 sutkaga qamash va keyin boshqa ish ochish bilan qo‘rqitishgan». «Yakunda biz soqolni olishga majbur bo‘ldik. Bir-birimizni soqolimizni olishimizni aytishdi. Biz olmaymiz dedik. Formasiz kimnidir chaqirib kelishdi, o‘sha soqolimizni olib qo‘ydi», — deya so‘zlab berdi Muhammadyusuv ibn Qobil.

Jarayon yakuniga yetkach hibsdagilar suratga olingan va ularning telefoni qaytarilib, qo‘yib yuborilgan.

«Boshlig‘im pasportida soqol bilan rasmga tushgan edi. Menikida yo‘q edi. Agar seni pasportingda soqol yo‘q ekan, ol deganda baribir majbur bo‘lardim. Lekin hech kim pasportimizni so‘ragani yo‘q», — dedi Muhammadyusuf.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa erkaklarga soqoli olingach tezda ruxsat berishgan, lekin ular soqolni olishni rad etgani uchun ichki ishlar bo‘limida 4−5 soat vaqt o‘tkazishgan.

O‘zbekiston IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov «Gazeta.uz»ga vaziyat yuzasidan izoh berdi.

«Ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida o‘tkaziladigan tezkor-profilaktik tadbirlarini fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri. Fuqaro, o‘zining konstitutsiyaviy huquqlari poymol etilgan deb hisoblasa, o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilishi mumkinligini eslatib o‘tamiz», — dedi u.

Muhammadyusuf ariza bilan murojaat qilmoqchi emas, chunki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zi qonunni himoya qilishi kerak. «Biz o‘zimizni huquqlarimizni poymol qilganlardan o‘z huquqimizning himoyasini talab qilishni xohlamaymiz», — deya ta’kidladi u.

Soqol o‘stirish sabablari haqidagi savolga javob berar ekan, u buni din bilan bog‘lashni noto‘g‘ri deb atadi: «Bu har kimni o‘z ixtiyoriga bog‘liq. Moda uchun qo‘yaman desa ham undan hech kim nima uchun qo‘yding deb so‘ramaydi».

Musannif Adham nomi bilan tanilgan bloger Adxam Olimov mazkur holatni noqonuniy ekanligini aytib, mamlakat Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan shaxsiy huquq va erkinliklarning poymol etilishi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning noqonuniyligini ichki ishlar xodimlarining o‘zlari ham yaxshi biladi va «to‘g‘ri tushuning, bu siyosat. Bizga ham buyurishgan» deyishadi.

«Xo‘p, bu zormonda soqollar olindi, yuzlar qirtishlandi, lekin inson organizmi o‘zgarmaydi: ertadanoq bu soqollar yana o‘sib boshlaydi, ikki-uch oyda asl holatiga kelib, uzayib qoladi. Unda nima qilasizlar? Yana budjetning puli isrof, yana reydma-reyd — soqolli yigitlarni tutib kelib, soqol oldirasizlarmi? Xalqning peshona teri bilan to‘layotgan solig‘ini bama’niroq, tuzukroq yo‘llarga sarflash chorasi yo‘qmi?», — deb yozib qoldirdi u.

Bu Toshkentda erkaklarni soqolini olishga majburlash bo‘yicha birini holat emas. 2019 yilning avgustida reyd davomida «Malika» savdo majmuasida o‘nlab kishilarni IIBga olib ketilgan va soqolini olishga majburlangandi. Ko‘plab guvohlarning borligiga qaramasdan o‘shanda Toshkent IIBB soqolni olishga majburlashni inkor qilib chiqqandi.

2021 yilning may oyida ijtimoiy tarmoqlarda «soqol» deb nomlangan tadbir haqida so‘z borib, unda soqolli fuqarolarni aniqlash, so‘ngra ularni soqol olishdan oldin va keyin suratga olish kerakligi aytilgan audioyozuv tarqaldi. IIV bunday tadbir borligini inkor qildi. «Ichki ishlar organlarida bunday nomlanadigan tadbir umuman yo‘q. Soqol qo‘yish-qo‘ymaslik har bir fuqaroning o‘ziga, e’tiqodiga bog‘liq. Bunga aralalishga hech kimning haqqi yo‘q», — dedi IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.

Poytaxt IIBBning sobiq boshlig‘i Rustam Jo‘rayev (hozirda Milliy gvardiya qo‘mondoni) 2018 yilning aprelida soqol qo‘yish hech kimga taqiqlanmagani va ushbu masalaga nisbatan munosabat tarbiyaga bog‘liq, deya izohlagandi.