Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbari poytaxtdagi Olmazor tumanining «Achaobod» mahallasida istiqomat qilayotgan urush qatnashchisi Abbos ota Appanov xonadonida bo‘lib, uni bayram bilan tabrikladi.

Prezident Abbos Appanovga urushdan keyin O‘zbekistonga qaytib, Toshkentdagi 139-sonli maktabda uzoq yillar nemis va ingliz tilidan dars berganligi, direktor bo‘lib ishlagan yillaridagi xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirgan.

«Butun umringizni erishganlarimizga, xalqimizning, farzandlarimizni tarbiya qilishga hayotingizni bag‘ishlagansiz… Sog‘-salomat bo‘lib, qilgan niyatlaringiz amalga oshib, bularning (farzandalari va nabiralarini nazarda tutgan — tahr.) kamolini ko‘rib yuring doim», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari keyinroq yana bir urush faxriysining uyida bo‘lgan. U Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi "Maxmur" mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi Jahon urushi faxriysi Fyodor Fedinni ham Xotira va qadrlash kuni bishan samimiy qutlab, u bilan dildan suhbatlashgan.

Prezident urush faxriysidan kayfiyati haqida so‘raganida, u «Kayfiyatim zo‘r. Siz va ko‘rsatayotgan yordamingiz, g‘amxo‘rligingiz uchun rahmat», — degan Fyodor Fedin.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, u yerdagi «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi. Prezident bog‘da qurollik kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan suhbatda bo‘lib O‘zbekiston xalqiga o‘z tabrigini yo‘lladi.