6−8 may kunilari Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida kemalar qabristoni yonida «Stixiya» musiqiy festivali va uning doirasida ko‘plab forum hamda mutaxassislarning uchrashuvlari o‘tkazildi.

Ushbu festivalda 1,5 mingdan ortiq mahalliy va 10 dan ortiq davlatdan xorijlik turistlar, qolaversa, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson ham ishtirok etdi.

«Stixiya» festivali. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Sofi Ibbotson «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda «Stixiya»ning Mo‘ynoq uchun ahamiyati va hududning sayyohlar uchun noqulaylik jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Stixiya» festivalining ahamiyatini uning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi mashhur shaharlarda emas, aynan Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilayotganidan ham bilish mumkin.

«Bu hudud uchun yildan-yilga katta foyda olib kelishi mumkin. Ikkinchi ijobiy jihati esa „Stixiya“ mahalliy aholini ularning hududi qanchalik jozibador va sayohatbop joy ekanligini namoyish etishiga imkon yaratadi. Shu sababli ham yildan-yilga bu festivalning shaydolari ko‘payib bormoqda. O‘ylashimcha, bu mahalliy aholi ham turistlarga moslashib, ularga mos sharoitlarni ko‘proq yaratishi, ham buning ortidan o‘zlarining moliyaviy ahvolini yaxshilab olishiga katta imkoniyatdir», — dedi Sofi Ibbotson.

Qolaversa, elchi turistlar soni keskin oshib ketmayotganligining sabablariga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Stixiya» festivali. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Turistlarning ko‘pchiligi asosan Mo‘ynoq xususan, Orol dengizining arxeologiyasi, Orol fojiasi va bu yerliklarning madaniyati bilan tanishish uchun kelishadi. Va ularning faqat mavsum payti kelishi hamda soni kamligining sababi shuki — infratuzilma qoniqarli darajada emas», — dedi u.

Sofi Ibbotsonning ta’kidlashicha, mas’ullar quyidagilarga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak: tezyurar poyezdlar yoki aviaqatnovlarni ko‘paytirish, Nukusda xalqaro aeroport bor, ammo u yerdan Mo‘ynoqqacha bo‘lgan (200 kmlik) yo‘l ham yaqin emas. «Boz ustiga yo‘llar nosoz, ularni tuzatish kerak. Qayer bo‘lishidan qat’i nazar, borish va qaytish oson va tez, u hududda yashash qulay bo‘lsa, o‘sha hududga odamlar oqimi ko‘payadi», — dedi u.

Borilgan hududda kutib olish va kuzatish, turistlarni hudud bilan tanishtiruvchi malakali mutaxassislar mavjudligi, umuman, mamlakatda turizm siyosati yaxshi rivojlangan bo‘lsa, turistlar soni ortishi kafolatlanadi, degan fikrda O‘zbekistonning sayyohlik elchisi.

Sofi Ibbotson mansabdorlarni Mo‘ynoqni yanada rivojlantirishga, infratuzilma va turistlar uchun sharoitlarni yaxshilashga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi.


Mo‘ynoq aeroporti, 2022 yil, 23 fevral. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 23 fevral kuni yangidan ishga tushirilgan Mo‘ynoq aeroportiga kelib qo‘ngandi. Ushbu «havo porti» 1947 yilda qurilgan bo‘lib, ilgari kichik samolyotlarni qabul qilgan, 1990 yildan beri esa foydalanilmay kelinmoqda. «Endi Toshkent — Mo‘ynoq — Nukus aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi», — degandi davlat rahbari.

26 mart kuniga kelib, Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan OAV vakillari uchun Toshkent-Nukus-Mo‘ynoq reysi amalga oshirilib, yo‘lovchi aviaqatnovlari boshlangani e’lon qilingandi. Prezident tashrifidan 2 oydan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramasdan hanuz mazkur aeroportdan foydalanilmayapti.

Turizm vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda hozirgi kunda 45 ta sayyohlik tashkiloti, 33 ta mehmonxona, 36 ta oilaviy mehmon uylari va 17 ta umumiy yashash binolari mavjud. Bundan tashqari, 11 ta mikroavtobus, 45 ta yo‘ltanlamas avtomobil, 12 ta kvadrotsikl, 25 nafar gid-tarjimon, 200 dan ortiq turistik obyektlar (hunarmandchilik ustaxonalari, oyni tomosha qilish xiyobonlari, muzeylar, akvaparklar va suv attraksionlari) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Pandemiyaga qaramasdan 2021 yilda Qoraqalpog‘istonga 284 ming mahalliy va 25 ming atrofida xorijiy turistlar tashrif buyurgan.

Nukus, Chimboy, Ellikqal’a, To‘rtko‘l, Beruniy hamda Mo‘ynoq Qoraqalpog‘istonning sayyohlik salohiyatini o‘zida namoyon qilgan muhim hududlar hisoblanadi. Birgina Mo‘ynoqning o‘zida bir qancha turistik yo‘nalishlar mavjud, jumladan, ekoturizm yo‘nalishida Orol dengizi, Ustyurt platosi, Sudoche ko‘li ekstremal sayohat uchun juda qulay hisoblanadi. Etnoturizm yo‘nalishida esa Mo‘ynoq aholisining turmush tarzi tarixi muhim ahamiyat kasb etadi, xususan, Baliqchining uy-muzeyi, Orol dengizi tarixi muzeyi, Hunarmandlar alleyasi xorijliklarda katta taassurot uyg‘otadi.