7 may kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletov Toshkentda bo‘lib o‘tgan III Xalqaro reyting forumida O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va ular mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida gapirdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, reytinglarni yaxshilash birdan-bir maqsad emas, vazifa aholi real o‘zgarishlarni his qilishiga erishishdan iborat. Shu bilan birga, xorijiy investorlar va tashkilotlar reytinglarni mo‘ljalga oladi, shuning uchun ularni yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Adliya vazirligi rahbarining aytishicha, O‘zbekiston xalqaro reytinglardagi o‘rinlarni yaxshilash ustida ish boshlaganida, eng qiyini ularni tuzish metodologiyasini tushunish bo‘lgan.

«Nimaga u yoki bu reytingda O‘zbekistonning reytingi juda past? Ko‘p hollarda bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarning yetarli darajada tezroq u yerda ko‘rilmayotganini ham kuzatib turamiz. O‘zimiz ham qilinayotgan ishlarni tahlil qilamiz-da, (reyting) nimaga o‘zgarmayapti, deb hayron qolamiz. Shunda bevosita mana shu tashkilotlarga chiqib, ular bilan seminarlar qilib, yaqindan muloqot qilib, O‘zbekistondagi islohotlar qayerda, qanday yo‘nalishda ketishi kerakligini o‘rganyapmiz», — dedi vazir.

Adliya vazirligi rahbari mamlakat o‘z taraqqiyot yo‘lida turli chaqiriqlar bilan to‘qnashayotganini ta’kidladi. Jumladan, xususiy mulkni himoya qilish bilan bog‘liq muammolar darhol tegishli indeksdagi O‘zbekiston pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsatgan.

«Mana hozir bu muammoni hal qildik. Qonunlar qabul qilib, mulk huquqini kafolatlash bo‘yicha juda katta qadamlar qo‘yildi. Yangi qonunlar qilinyapti, mana hozir davlat dasturida alohida prezident farmoni tayyorlanyapti, mulk huquqiga rivojlanishimizning asosiy omili sifatida qaralmoqda», — dedi u.

Ruslanbek Davletov O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingidagi pozitsiyasini birdaniga 24 pog‘onaga yaxshilab, 133-o‘ringa ko‘tarilganini eslab o‘tdi.

«Bizning fikrimizcha, davlat tashkilotlarida ishlayotganlar jurnalistlarning professional darajada rivojlanayotgani, davlat organlarini qattiq tanqid qilayotgani 133-o‘rinda emas, yuqoriroq o‘rinda bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz. O‘zi, Tanzila opa (Senat raisi Tanzila Narbayeva — tahr.), 133-o‘rin shu bo‘lsa, 50-ga chiqqanimizda nima bo‘ladi — biz hayron bo‘lib turibmiz. Albatta, hazil. Biz shunday bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin, biz o‘ylaymizki, bu sohaga ham obyektivlik, bu sohada bo‘layotgan yaxshi xabarlarni ham to‘g‘ri ko‘rsatib, OAV bilan konstruktiv muloqot bo‘lsa, juda yaxshi bo‘lardi», — deya ta’kidladi adliya vaziri.

Vazir Buyuk Britaniyada jamoatchilik tomonidan moliyalashtiriladigan BBC xizmati standartlaridan misol keltirdi.

Ruslanbek Davletov O‘zbekistonni rivojlantirish uchun ma’muriy islohotlarning muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligi tuzilmasini optimallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilib, Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi birlashtirildi.

«Kamida 100 mlrd so‘m O‘zbekiston budjetiga foyda keltirdik. Xizmat ko‘rsatish tuzilmalariga tegmadik, boshqaruv tuzilmalari va rahbarlar sonini kamaytirdik, buyruq beradiganlar sonini kamaytirdik», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday o‘zgarishlar boshqa vazirliklarda ham bo‘lishi kutilmoqda va bu oson bo‘lmaydi.

«Oson bo‘lmaydi, albatta. Qaysi vazirlik o‘zini yo‘qotishni xohlaydi? Mana shu funksiyamiz kerak emas, mana shu katta vakolatimiz, hokimiyat funksiyamiz kerak emas, demaydi. Ya’ni bu yerda, tabiiyki, idoraviy maqsadlar borki, buni prezidentimizning siyosiy irodasi orqali, hukumatimiz rahbarlarining siyosiy irodasi orqali buni hal qilyapmiz», — dedi vazir.

Ruslanbek Davletov raqamlashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bu raqamlashtirish bo‘yicha indekslardagi vaziyatni yaxshilash emas, balki ma’muriy munosabatlarni to‘g‘rilash, uni maqbullashtirish, byurokratiyadan voz kechish, byurokratiya natijasida vujudga kelayotgan korrupsiya holatlarini bartaraf etish uchun zarur.

«Prezident yaqinda byurokratiyaga qarshi to‘rtinchi paket hujjatni e’lon qildi… Davlat xizmatlarining 30 foizigina elektronlashgan. Biz hozir shunday indikator qo‘yyapmiz, 70 foizga chiqish. Chunki hamma odam davlat xizmatlari markaziga kelyapti, bir yilda 10−11 mln odamga xizmat ko‘rsatyapmiz, navbatlar paydo bo‘lmoqda. Raqamlashtirsak, albatta, osonlashadi», — dedi u.

Qiyinchilik tomoni yillar davomida yig‘ilib kelayotgan ma’lumotlarning qog‘oz ko‘rinishida qolayotgani, hujjatlarni raqamlashtirish esa mablag‘ va bir qancha tashkilotlar o‘rtasidagi integratsiyani talab qiladi.

«Ertaga 2−3 ta tashkilot alohida raqamlashtirsa, natijada integratsiya bilan bog‘liq muammo paydo bo‘ladi, bir-birining kodlarini o‘qimay qolishi mumkin. Shuning uchun yagona davlat siyosati nuqtai nazaridan yondashish kerak. Mana, yaqinda FHDYO sohasida 65 mln ta arxiv hujjatlarini tugatdik arxivlashtirishni. Endi muammo bo‘lyaptiki, PINFLga (Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami — JSHSHIR) biriktirilmagan. Chunki PINFL tizimi yangi chiqqan, oldingi tug‘ilganlarda PINFL bo‘lmagan. Arxivga kiritilgan butun 65 mln dalolatnomalarni, bilasizlar, FHDYOda dalolatnomalar rasmiylashtiriladi, hammasini biriktirib, yangidan raqam berib chiqyapmiz», — deya ma’lum qildi vazir.

Ruslanbek Davletov o‘tgan yili davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilingani, unga ko‘ra, davlat organlari o‘z faoliyati, jumladan, xaridlar, xizmat safarlari, xizmat avtomashinalari va uy-joylar bo‘yicha 33 ta ochiq ma’lumotni e’lon qilishlari shartligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda davlat organlari faoliyatining ochiqligi bo‘yicha yangi hujjatlar to‘plami ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda «xalqaro reytinglarni yerga yaqinlashtirishga yordam beruvchi» milliy reytinglar, jumladan, hududlarda qonun ustuvorligi indeksi, biznes-indekslar joriy etilayotgani ta’kidlandi.