Juma kuni «Gazeta.uz» Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qaroriga tayanib, Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi O‘zbekiston tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Davlat tabiat muzeylarining rekonstruksiya loyihasi doirasida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini bajarish huquqini tendersiz qo‘lga kiritgani haqida yozgandi.

30-sonli bayonnomaga ko‘ra, 18 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga loyihalar taqdimoti yakunlari bo‘yicha Outdoor Factory tomonidan ishlab chiqilgan uchta muzeyni rekonstruksiya qilish va raqamlashtirish konsepsiyasi loyihasi ma’qullandi. Istisno tariqasida, u bilan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini bajarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.

Shahar hokimligi matbuot xizmati taqdimot yakunlari bo‘yicha ma’qullangan loyiha Outdoor Factory tomonidan ishlab chiqilganini ta’kidladi. Mazkur loyiha mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi. Hokimlik hozircha muzeylarni rekonstruksiya qilish va raqamlashtirish xarajatlarini e’lon qilmagan.

«Shundan kelib chiqib aytish joizki, Toshkentda uchta muzeyni rekonstruksiya qilish ishlari turk kompaniyasiga tendersiz topshirilgan, Outdoor Factory poytaxtimizdagi yirik obyektlarni loyihalash va qurishda ishtirok etgani yoki kompaniya kimningdir shaxsiy qaroriga binoan emas, balki belgilangan talablar asosida loyihani ishlab chiqib, taqdim etgani uchun yuqori darajadagi taqdimot muhokamasi natijasida unga [loyiha] ishonch bildirilgan», — deyiladi xabarda.

Outdoor Factory kompaniyasi «Istiqlol» majmuasi va «Yangi O‘zbekiston» istirohat bog‘i, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» universiteti,Toshkentning Eski shahar hududida joylashgan turistik markaz (Zarqaynar ko‘chasi rekonstruksiya qilinishi)ni loyihalash va qurishda, «Texnopark» (sobiq TAPOiCh) hududida joylashgan akvapark loyihalarida, Magic City qurilishining ikkinchi bosqichi va boshqalarda ishtirok etgan. «Gazeta.uz» mazkur loyihalar tanlovi haqida ma’lumot topa olmadi.

Outdoor Factory — 2010 yilda Istanbulda tashkil etilgan Turkiyaning yirik qurilish va loyihalashtirish korxonasi. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi — bog‘lar, muzeylar va madaniy obyektlarni loyihalashtirish va qurish. Outdoor Factory Turkiya, Qatar, Italiya, AQSh, Germaniya va O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalariga ega. Korxona dunyo miqyosida 350 dan ortiq konseptual loyihalar, shuningdek, 25 muzey va 110 monument loyihalarni amalga oshirgan.

Noyabr oyida Outdoor Factory va MIMAR Group qurilish xoldingi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi (Internetda uning Akfa kompaniyalar guruhi tarkibiga tegishli ekanligi haqida ma’lumotlar bor).