Orolbo‘yi hududiga bir marta kelgan odam tabiatning qadriga yetishni o‘rganadi. Bu haqda 7 may kuni Turizm va madaniy meros vazirligi qo‘llab-quvvatlovi bilan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida bo‘lib o‘tayotgan «Stixiya» musiqiy festivali doirasidagi forumda gapirildi.

Mo‘ynoqda o‘rnatilgan installyatsiya. Unga ma’lum bir rakursdan qaralganda hozirgi sahro o‘rnida dengiz bordek ko‘rinadi.

Unda mahalliy turoperator Dilfuza Kutlimurotova Orol hududining ahamiyati va turistlarni jalb qilish masalalasi yuzasidan fikr bildirdi.

«Toshkentda yashayotgan odamlar katta-katta daraxtlarni kesishayapti. Mo‘ynoqda bo‘lsa oddiy bir bargning ham qadri baland, hattoki bolalar teginmaydi. Biz uni qadrini bilamiz», — deya ta’kidladi u.


Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha turistlar faqat flora, fauna, kemalarni ko‘rish uchungina Mo‘ynoqqa tashrif buyuradi.

«Biroq, biz kelgusida agroturizmni rivojlantirmoqchimiz. Biz bu yerda eksperiment tariqasida kunjut, pomidor, bodring, pavlovniya ekdik. Natijasi esa juda zo‘r bo‘ldi, bu aholiga ham foyda. Men o‘zim turistlarga kunjutdan kelisop yordamida talqon qilish bo‘yicha master klass o‘taman. Bu esa gastronomik master klass hisoblanadi va bu bilan o‘zimizni milliy qadriyatlarimizni ko‘rsatamiz», — dedi Dilfuza Kutlimurotova.

Ta’kidlanishicha, mahalliy aholi va sayyohlar uchun so‘nggi yillarda yaratilgan sharoitlarni boshqa tumanlar bilan solishtirganda Mo‘ynoq birinchi o‘rinda turadi. Jumladan, elektr energiya, gaz, suv, yo‘l infratuzilmasi yil sayin yaxshilanib bormoqda.


«Turistik salohiyat jihatdan boshqa tumanlar ham qolishmaydi. Qayerdadir hunarmandchilik rivojlangan bo‘lsa, Qorao‘zak tumanida ham kemalar bor. Bilamizki, Mo‘ynoq O‘zbekistonning shimolidagi eng chekka hudud hisoblanadi. Qachonlardir mansabdorlar bu yerlarni yopish masalasini ham o‘rtaga tashlashgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qachonlardir Mo‘ynoq ko‘p millatli hudud bo‘lgan: ruslar, vengerlar, polyaklar va boshqa millat vakillari bu hududlarda yashagan. 1990 yillarga kelib esa Orol qurishi ortidan bu yerda yashaganlar boshqa joylarga ko‘chib ketgan. Faqatgina 10 ming odam shu hududda yashashda davom etgan.

«Mo‘ynoq to‘liq vayron bo‘lib ketgan, infratuzilmasi esa umuman bo‘lmagan. Lekin men aytishim mumkinki, prezident Shavkat Mirziyoyev ham birinchi islohotini Mo‘ynoqdan boshladi. Hozirgi kunda tumanda 33 ming aholi istiqomat qiladi. 2017 yilda qurilishlar, infratuzilma yaratila boshlagach aholi soni ham oshib bordi», — dedi turoperator.


Dilfuza Kutlimurotovaning qayd etishicha, hozirgi mavjud infratuzilmani 2000 yillar bilan solishtirganda juda katta ishlar qilinganini sezish mumkin.

«2000 va 2017 yillar bilan solishtirganda bugungi kundagi infratuzilma biz uchun juda katta ahamiyatga ega. Mo‘ynoqni Samarqand, Xiva yoki boshqa hududlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Chunki bu yerda o‘z vaqtida ichimlik suvi ham muammo bo‘lgan. Ungacha hatto ichimlik suvi suv tashuvchi yuk mashinasida olib kelinib, har bir xonadonga ikkita chelakdan berilardi. Ikkita chelak ichimlik suvi kimga yetadi? Hozir esa, Allohga shukur, bizda vodoprovod bor», — deya ta’kidladi u.

Hattoki ko‘chalarni yoritish uchun chiroqlar yo‘q edi, bularning hammasi har yili sekin-asta to‘g‘rilanmoqda. Har yili turistlar oqimi ham oshib bormoqda, turli mehmonxonalar, mehmon uylari bunyod etilayapti, turistik xizmatlar soni ko‘payyapti, dedi u.