Roman Abramovich «Chelsi» futbol klubini amerikalik va shveysariyalik tadbirkorlarga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Chelsi» bayonotida klubning Todd Boeli, Mark Uolter va Hansyorg Viss boshchiligidagi yangi egalariga sotilayotgani tasdiqlangan.

Telegraph` nashrining yozishicha, bitim summasi 4,25 mlrd funtni tashkil etadi. Endi kelishuvni Britaniya hukumati va Angliya Premer-ligasi rahbariyati tasdiqlashi kerak.

Jami kiritiladigan sarmoyaning 2,5 mlrd funt sterlingi klub aksiyalarini sotib olish uchun sarflanadi. Klub o‘z xabarida tushum Roman Abramovich aytgani kabi 100% xayriya qilish niyatida Buyuk Britaniyadagi muzlatilgan bank hisob raqamiga o‘tkaziladi. Muzlatilgan bank hisobvarag‘idan pul o‘tkazish uchun Buyuk Britaniya hukumatining roziligi talab qilinadi.

Bundan tashqari, yana 1,75 mlrd funt sterling pul klub manfaati uchun keyingi sarmoyaga ajratiladi. Bu orqali «Stemford-Bridj» stadioni, akademiya, ayollar jamoasi, «Kingsmedou» stadioni va klub jamg‘armasi davomiy moliyalashtiriladi.

Klub sotilishi may oyining oxirida barcha zaruriy me’yoriy tasdiqlardan so‘ng yakunlanishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Klubning yangi egalari:

  • Todd Boeli (amerikalik) shtab-kvartirasi AQShdagi Konnektikut shtatining Grinvich shahrida joylashgan «Eldridge Industries» xolding kompaniyasining asoschisi, raisi, bosh ijrochi direktori hisoblanadi. Uning bugungi kundagi sof boyligi 4,5 mlrd dollarga teng.
  • Mark Uolter (amerikalik), Los-Anjelesning «Dodjers» klubining asosiy egasi. Uning boyligi 3,9 mlrd dollarga teng.
  • Xansyorg Viss (shveysariyalik) tibbiyot sohasida o‘z boyligini orttirgan. Uninng boyligi 5 mlrd dollarga teng.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» avvalroq Roman Abramovichning mart oyi boshida klubni sotishga qaror qilgani va tushgan sof daromadning hammasini Ukrainadagi urushning barcha qurbonlariga yordam berish uchun sarflashi haqida yozgan edi.