Adliya vazirligi qonun hujjatlariga korxonalarning oxirgi benefitsiar egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilishni kiritishni taklif qilmoqda.

Hozirgi kunda benefitsiarlarni deyarli barcha sohalarda, masalan, moliya, iqtisod, bank, huquq va boshqa sohalarda uchratish mumkin. Umuman olganda, benefitsiar deganda bu muayyan harakatlar natijasida daromad (naf) oluvchi shaxs tushuniladi.

«Kichik tadbirkorlik subyektlarining benefitsiarlarini aniqlash muammo tug‘dirmaydi, ammo tashkilot yiriklashgani sayin unga haqiqiy egalik qiluvchi shaxslar bir necha darajalarga taqsimlanib ketadi va ildizlari hatto mamlakat chegaralaridan tashqarisiga (ofshor zonalarigacha) chiqib ketadi. Yirik kompaniyalar benefitsiarlarini aniqlash murakkab jarayon bo‘lib, bu vazifa nafaqat fiskal organlar, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning „bosh og‘rig‘i“ hisoblanadi», deb tushuntiradi vazirlik.

Tadbirkorlik subyektlarining benefitsiarlarga oid ma’lumotlarni ochiqlash zaruriyati korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni samarali tashkil etish bilan izohlanadi, deya ta’kidlaydi Adliya vazirligi.

Milliy qonunchilikda benefitsiarga oid masalalar qonun darajasida 4 ta hujjatda belgilangan, masalan, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun. Qonunosti hujjatlarda esa mazkur masala 100 ga yaqin hujjatda uchraydi.

«Biroq, mazkur hujjatlarda benefitsiar tushunchasiga nisbatan aniq mezonlar belgilanmagan. Keltirilgan ta’riflar umumiy bo‘lib, xalqaro standartlarda belgilangan 25 foiz egalik (nazorat) qilish, ya’ni eng asosiy elementi ko‘rsatilmagan. Natijada bir dona aksiyaga ega bo‘lgan yoki kompaniyaning kichik bo‘limi faoliyatini nazorat qilayotgan har qanday shaxsni benefitsiar safiga kiritish mumkin. Bu holat benefitsiarlarga oid ta’rifni yanada oydinlashtirishni taqozo etadi», — deydi ekspertlar.

Pul yuvish, terroristik tashkilotlarni moliyalashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash Yevropa Ittifoqi kurashayotgan asosiy muammolar ekanligidan kelib chiqib, 2015 yilda Yevropa Ittifoqining pul yuvishga qarshi to‘rtinchi direktivasi (Fourth EU Anti-Money Laundering Directive) qabul qilingan. Unga ko‘ra, har bir mamlakat kompaniyalarning benefitsiarlari to‘g‘risida kerakli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasini (benefitsiarlarning yagona reyestri) yuritishlari lozim.

Oxirgi benefitsiarlar masalasini tartibga solmaslik O‘zbekistonning turli «kulrang», «qora» ro‘yxatlarga tushishiga olib kelishi va xalqaro bozorlarga chiqishiga to‘sqinlik qilishi mumkin, deydi Adliya vazirligi. Masalan, xalkaro tashkilot — Pul yuvishga qarshi kurashish moliyaviy choralar ishlab chiqish guruhining (FATF) qora ro‘yxatida KXDR va Eron turadi. Shuningdek, 18 ta davlat kulrang ro‘yxatda turadi, bular Albaniya, Bagama, Barbados, Botsvana, Gana, Zimbabve, Yaman, Islandiya, Kambodja, Mavrikiy, Mongoliya, Myanma, Nikaragua, Pokiston, Panama, Suriya, Uganda, Yamayka. O‘zbekiston oq ro‘yxatda joylashgan.

AQShda benefitsiar deganda kompaniyaga kamida 25 foiz egalik qiluvchi yoki uning faoliyatini jiddiy nazorat qiluvchi jismoniy shaxs tushuniladi. Benefitsiarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kompaniya ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ochiqlanishi shart, amaldagi kompaniyalar esa keyingi 2 yil ichida mazkur ma’lumotlarni taqdim etishlari lozim bo‘ladi. Ma’lumotlar bir yilda kamida 1 marta yangilanishi lozim. Benefitsiarga oid ma’lumotlarga odatda uning tug‘ilgan sanasi, yashash manzili va identifikatsiya hujjati kiradi.

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib, benefitsiarlarning reyestrini yuritish amaliyotini joriy etdi. 2015 yilda qabul qilingan «Kichik biznes, tadbirkorlik va mehnat munosabatlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, jiddiy nazorat qiluvchi shaxslar reyestri (Register of people with significant control) yuritilishi talab etiladi.

2019 yil 1 sentabrdan Lyuksemburg benefitsiarlarga oid ochiq reyestrni (Registre des Beneficiairies Effectifs) yaratib, foydalanishga topshirgan. Mazkur reyestrga istagan shaxs kirib, xohlagan kompaniya haqida bepul ma’lumot olishi mumkin.

Qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan «Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda «oxirgi benefitsiar mulkdor» tushunchasining aniq mezonlari, oxirgi benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilmaydigan tashkilot va korxonalar belgilanmoqda. Ayrim tadbirkorlik subyektlariga (asosan offshor zonalar va chet ellik elementi mavjud tadbirkorlik subyektlari) o‘zlarining oxirgi benefitsiar mulkdorlarini oshkor qilish majburiyati yuklanmoqda.

Eng asosiy masala: barcha uchun ochiq bo‘lgan oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestrini shakllantirish taklif etilmoqda. Undagi ma’lumotlarni kamida har chorakda yangilash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, reyestrda yopiq turdagi ma’lumotlar (shaxsga doir ma’lumot) ham bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Adliya vazirligi oxirgi benefitsiarlarga nisbatan talablarni belgilash, ularning reyestrini yuritish va uning ochiq bo‘lishini ta’minlash rivojlangan davlatlarning ochiqlik va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi eng so‘nggi tendensiyalaridan biri hisoblananishini ta’kidladi.

Loyiha qabul qilinishi mamlakatda biznes muhitini rivojlangan davlatlar standartlari darajasiga olib chiqishga, korrupsiyaga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni kuchaytirishga, shuningdek, sohada jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga kuchli poydevor yaratishi mumkin.