Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi 29 aprel kuni Toshkentga tashrif buyurdi. Aeroportda uni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v. b. Vladimir Norov kutib oldi.Foto: O‘zbekiston TIV

O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Muzokaralarning aniq tafsilotlari ma’lum qilinmadi.

Foto: O‘zbekiston TIV

Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov bilan uchrashuvda Yosimasa Xayasi Yaponiya meva-sabzavotchilik, chorvachilikni rivojlantirish, uzoq va qishloq joylarda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Yaponiya kompaniyalarini sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikka jalb etish ham qayd etildi.

Bundan tashqari, atmosferaga uglerod chiqindilarning chiqarilishini kamaytirish va «yashil» texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Foto: ITSV

JDS (Yaponiya hukumatining davlat idoralari va tuzilmalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan grant loyihasi) dasturida ishtirok etayotgan Yaponiya universitetlari ro‘yxatini kengaytirish, shuningdek, o‘zbekistonlik talabalar uchun ushbu dasturda ishtirok etish kvotalarini oshirish rejalari borligi ma’lum qilindi.

Yaponiya TIV rahbarini prezident Shavkat Mirziyoyev ham qabul qildi. Uchrashuvda Yaponiyaning rivojlanish va hamkorlik institutlarining moliyaviy mablag‘lari ishtirokidagi qo‘shma dasturlar portfeli 7 mlrd dollardan oshgani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqladi va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Tashrif doirasida Yosimasa Xayasiga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvoni berildi.

Foto: O‘zbekiston TIV

Yaponiya tomoni Sardor Umurzakov bilan uchrashuvni batafsil yoritdi. Yaponiya TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Specific Skills maxsus mehnat vizasiga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik ishchilar sonining ko‘payishi, rivojlanayotgan mamlakatlarda yapon sarmoyasi hisobiga kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Qo‘shma kreditlash mexanizmi»dan (JCM, uchinchi davlatlarda atmosferaga ajratmalarning kamayishi Yaponiyaning o‘zidagi ajratmalarni hisoblashda hisobga olinishi mumkin) keng foydalanishni kutmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Yaponiya sun’iy yo‘ldoshlari yordamida iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi turishni rejalashtirmoqda.

Yoshimasa Xayasi, shuningdek, bog‘dorchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasi (2-bosqich) uchun O‘zbekistonga 200 mln dollargacha kredit ajratilishini ma’lum qildi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri, shuningdek, uning mamlakati Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib, qizlarning ta’limini tezda tiklash va inklyuziv siyosiy tizim yaratishni istashini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya Afg‘oniston va Markaziy Osiyoning qo‘shni davlatlarini chegara nazoratini kuchaytirish va radikalizm oqimining oldini olishda qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, mamlakat O‘zbekistonda elektr stansiyalari qurilishini ham dastaklaydi.

Sardor Umurzakov Afg‘oniston xavfsizligi Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim ekanini ta’kidlab, ikki davlat «Afg‘onistonni energiya bilan ta’minlashga salmoqli hissa qo‘sha olgani va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda hamkorlik qila olganidan» mamnunligini bildirdi. Gap Yaponiya tomonidan O‘zbekistonda elektr stansiyasi qurilishi haqida bormoqda.

Yoshimasa Xayasi Yaponiyaning Rossiyaning yaqinda Ukrainaga bostirib kirishiga munosabatini tushuntirib, xalqaro hamjamiyat ushbu mojaroga qarshi birgalikda kurashishi kerakligini ta’kidladi. Bunga javoban Sardor Umurzakov O‘zbekiston pozitsiyasini izohlar ekan, «barcha nizolar xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan hal etilishi kerak"ligini ta’kidladi. Tomonlar xalqaro muammolar, jumladan, Ukraina va Afg‘oniston bo‘yicha turli darajalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishlarini tasdiqladilar.

Tomonlar Sharqiy Osiyodagi vaziyatni ham muhokama qildilar. Xayasi va Umurzakov Shimoliy Koreyadagi vaziyatni, jumladan, yadro quroli, raketa uchirish va odam o‘g‘irlash muammosini hal qilishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov vazir Yoshimase Xayasiga O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport loyihalari haqida so‘zlab berdi.