Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekistonga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, soya danagini olib kirish, shuningdek o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Shuningdek, go‘shtni (mol go‘shtini, qo‘y go‘shtini), tirik hayvonlarni (molni va qo‘yni) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni O‘zbekistonga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.

Tovuq go‘shti, muzlatilgan baliq va tirik parrandalarga QQS bo‘yicha imtiyoz esa 30 aprelgacha etib o‘zgartirishsiz qoldirildi.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvargacha Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar:

  • foyda, aylanmadan olinadigan, ijtimoiy va daromad solig‘ini 1 foiz miqdorida to‘laydi;
  • yuridik shaxslarning mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlari 1 foizda to‘laydi.

Bo‘yalgan matoni, bo‘yalgan gazlamani va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlar 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvargacha ijtimoiy soliqni 1 foiz to‘laydi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida deputat Doniyor G‘aniyev bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshkani olib kirish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi 2022 yil oxirigacha uzaytirilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.