O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

«Tomonlar turli sohalarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, yangi mazmun bilan boyigani ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada jadallashtirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Bo‘lajak tadbirlar jadvali, kun tartibi va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

TIV iliq va do‘stona ruhda o‘tgan suhbat yakunida muntazam aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston TIV suhbatdoshlar 5 may kuni o‘zbek chegarachilari tomonidan qurol qo‘llangani, natijada Qirg‘izistonning uch fuqarosi halok bo‘lgan chegaradagi hodisani muhokama qilganini qayd etdi.

«Tomonlar chegara hududida salbiy oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida qirg‘iz-o‘zbek hamkorligini mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini ta’kidladilar», — deyiladi Qirg‘iziston tomoni xabarida.

Bundan tashqari, tashqi ishlar idoralari rahbarlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifini tashkil etish, shuningdek, uning 26−27 may kunlari Bishkekda Yevroosiyo iqtisodiy forumi yalpi majlisi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi ishtirokini muhokama qildilar.