O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi maktablarda ovqatlanishni yaxshilash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatda 2022−2023 o‘quv yilidan boshlab mamlakatning barcha hududlaridagi maktablar, maktab-internatlari va Mehribonlik uylarida ovqatlanishni autsorsing yo‘li bilan tashkil etish taklif etilmoqda.

XTV va SSV birgalikda o‘quvchilarning fiziologik yoshiga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan talablarni inobatga olgan holda, ularni ratsional kunlik ovqatlantirish me’yorlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Loyihadan Xalq ta’limi tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham o‘rin olgan.

Ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishning maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • o‘quvchilarni to‘laqonli sog‘lom ovqatlantirish va sog‘lig‘ini mustahkamlash jarayonini samarali tashkil etishni ta’minlash;
  • sifatli taomlar tayyorlash orqali o‘quvchilarning sog‘lom va barkamol o‘sishini ta’minlash;
  • o‘quvchilarni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq sog‘lom ovqatlantirish;
  • ta’lim tashkilotlari rahbarlarini ta’limga oid bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish va ta’lim samaradorligini oshirish.

Autsorserlarga ta’lim tashkilotlarining ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun to‘lov «nol» stavka bo‘yicha belgilanadi hamda ovqatlantirishni tashkil etish uchun iste’mol qilinadigan kommunal xizmatlar qiymati ta’lim tashkilotiga ajratilgan Davlat budjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi. Autsorserlar tender asosida tanlanadi. Autsorserlar faoliyati XTV va Autsorsing xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar uyushmasi tomonidan muntazam ravishda amalga oshiriladi.

O‘quvchilarni sog‘lom ovqatlantirish bo‘yicha namunaviy mavsumiy taomnomalar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Autsorsing xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar uyushmasi va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va XTV tomonidan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Biroq autsorsing kompaniyalari uchun namunali mavsumiy menyularga rioya qilish bo‘yicha qat’iy talab o‘rnatilmagan, o‘quvchilarning yosh guruhlari bo‘yicha kunlik ratsional ovqatlanish normalarini hisobga olgan holda menyu talablari belgilanmagan.

Autsorser tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bo‘yicha tayorlangan taomlar holati monitoringini olib borish maqsadida kunlik sinamalar olish ta’lim tashkiloti tibbiyot xodimi zimmasiga yuklanadi.

Autsorser har kuni asosiy taomnomaning bir nusxasini ta’lim tashkiloti direktoriga taqdim etadi (ta’lim tashkiloti direktori kunlik taomnomalarni brakeraj komissiyasiga taqdim qilinishiga mas’ul) va bir nusxasini tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi yoki yuqori turuvchi tashkilotga har o‘n kunda hisobot bilan topshiradi. Ovqatlar talabga javob bermagan taqdirda, komissiya taomlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun yuboradi, nomuvofiqlik to‘g‘risidagi ekspert xulosasini olgandan keyin komissiya raisi tumanga hisobot taqdim etishi shart.

Loyihaga ko‘ra, hududiy sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tomonidan har oyda autsorser tomonidan norma va talablarning bajarilishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Autsorsing kompaniyalari majburiyatlariga o‘z faoliyatini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq amalga oshirish, taomnomalarda tayyor taomlarning vazni, tarkibidagi mahsulotlar miqdorlari va texnologik kartalarning mavjudligini ta’minlash, bitta o‘quvchi uchun kunlik sarflanadigan mablag‘ miqdorini ko‘rsatish, bolalar sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazuvchi, oziq-ovqat maxsulotlari va taomlar savdosiga qat’iyan yo‘l qo‘ymaslik va boshqalarni kiritish taklif etilmoqda. Loyihada «sog‘likka jiddiy zarar yetkazish» jumlasiga aniqlik kiritilmagan.

Davlat tomonidan kafolatlangan bepul ovqatlanish ta’minlanmagan tashkilotlarda autsorsing kompaniyalari tijorat asosida ovqatlanishni ta’minlashi mumkin.

Loyiha muhokamasi 20-mayga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 7 fevraldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1−4-sinf o‘quvchilarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul nonushta bilan ta’minlash bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda.

To‘g‘ri tashkil etilgan maktab taomlari Markaziy Osiyo mamlakatlarida bolalarda semirish xavfini kamaytirish uchun davlat qo‘lidagi vositadir, deb ta’kidlaydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti. Maktablar, bolalar bog‘chalari va dam olish maskanlari sog‘lom oziq-ovqat tanlovini qo‘llab-quvvatlash hamda nosog‘lom oziq-ovqat va shirin ichimliklar ta’sirini cheklashda muhim rol o‘ynaydi.