O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati 5 may kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan bayonot berdi.

Unda ta’kidlanishicha, 5 may kuni o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Oqtom qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida bir guruh noma’lum shaxslar O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tmoqchi bo‘lgan. O‘zbek chegara naryadlarilari ularning noqonuniy ravishda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o‘tilayotganligini kuzatgan va ushbu qonunbuzarlikni oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.

“Chegara naryadi tomonidan Davlat chegarasi buzg‘unchilarini qo‘lga olish vaqtida, qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatib, tan jarohatlari yetkazgan va qurollarni olib qo‘yishga harakat qilgan. Ushbu holatda harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda qurol qo‘llashga majbur bo‘lganlar. Natijada, 3 nafar shaxslar yaralanib, ularning jinoiy sheriklari tomonidan Qirg‘iziston hududiga olib ketilgan”, — deyiladi xabarda.

DXXning qo‘shimcha qilishicha, hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida, 5 may kuni zudlik bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara vakillari uchrashuv o‘tkazdi. 6 may kuni Farg‘ona vodiysi yo‘nalishi bo‘yicha va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati bo‘yicha chegara vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Hozirda har ikki tomon holat bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettirmoqda, chegarada vaziyat barqaror, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan O‘zbekistonning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan 6 may kuni Jinoyat Kodeksining 223 moddasi (“Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.