O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yetakchilar muqaddas Ramazon hayiti bilan bir-birini samimiy qutlab, ikki mamlakatning birodar xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat, farovonlik va ravnaq tiladi.

Muhokamada amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport sohalari va boshqa yo‘nalishlarda ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, ikki davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, Markaziy Osiyodagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilgan.

Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi. Tashrif kunlari diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi.

2021 yilda ikki davlat prezidentlari O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida 320 MVt quvvatga ega iikkita GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida, qolaversa, o‘zbek-tojik investitsiya kompaniyasi tashkil etish, sanoat va yangi texnologiyalar sohasida, tog‘-kon sanoatida hamkorlik to‘g‘risida jami 35 ta hujjatni imzoladi.