5 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida sportchi Elbek Rahimovning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha 26 nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Abidov.

Sudlanuvchilarning barchasi Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, ularning 3 nafari voyaga yetmagan shaxs hamda 3 nafari ichki ishlar organlarining sobiq xodimlari.

Sudya Fozil Yusupov sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 97, 109, 111, 127, 137, 169, 277, 28,137, 28,211, 28,277, 210, 230−1, 241−1 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarning 19 nafariga 3 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1 nafariga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi, voyaga yetmagan shaxslarga 5 yil 6 oydan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ichki ishlar organlarining sobiq xodimlariga 3 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Marhumning qonuniy vakili foydasiga 11 nafar sudlanuvchidan solidar tartibda 10,8 mln so‘m miqdorida moddiy zarar va 150 mln so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.