4 may kuni kechga yaqin Toshkentning shimoli-sharqiy qismida kuchli yomg‘ir yog‘di. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Mirzo Ulug‘bek va qo‘shni Yunusobod tumanlarida ko‘chalarni kuchli sel bosishi kuzatildi.


Foto: t.me/tashkentvokrug

Ijtimoiy tarmoqlarda Akusherlik va Ginekologiya ilmiy tekshirish instituti yaqinidagi suv bosgan chorrahani sekin kesib o‘tayotgan avtomobillar, suv ostida qolgan piyodalar yo‘laklari va avtobus bekatlari aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Yaqin atrofdagi uylarning hovlilari va kirish joylarini ham suv bosdi. Xuddi shunday holat Bog‘ishamol ko‘chasi va boshqa ko‘chalarda ham kuzatildi.


Foto: Toshkent shahar IIBB

Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Maksim Chernikovning aytishicha, kechasi Akusherlik va ginekologiya instituti yonidagi chorrahada Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Irgashevlar bo‘lgan.

O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulaxatovning so‘zlariga ko‘ra, yog‘ingarchilik bir kun avval poytaxtning faqat to‘rtdan bir qismida kuzatilgan. «Qolgan joylarda bir tomchi yomg‘ir yo‘q edi», — deb yozgan u.

5 may kuni kechqurun Toshkentda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Poytaxtda kuchli yog‘ingarchilik paytida ko‘chalarni suv bosishi odatiy hol emas. 2019 yilda suv toshqinlarining oldini olish va oqibatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari va tuman hokimlari boshchiligida shahar va tuman shtablari tashkil etilgan edi. Hokimlik Toshkent irrigatsiya-drenaj tizimi eskirgani, kapital ta’mirlashga qariyb 60 million dollar kerak bo‘lgani, shuningdek, sug‘orish tarmoqlarida maishiy chiqindilarning to‘planib qolgani va mas’ul shaxslarning «sustligi» tufayli kuchli yog‘ingarchilikka bardosh bera olmasligini ta’kidlagan edi.

2014 yil may oyida poytaxtning ko‘plab tumanlarida ro‘y bergan kuchli suv toshqinidan keyin O‘zbekiston hukumati 2015 yil boshida 1960 yildan buyon shakllangan amaldagi irrigatsiya-drenaj tizimi «sel toshqinlarining oqilona o‘tishini ta’minlay olmasligini» tan oldi. 2015−2017 yillarga mo‘ljallangan kuchli yog‘ingarchilik bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Oxirgi haftalarda O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida sel va suv toshqinlari kuzatilmoqda.