Hukumatning 5 maydagi qarori [233-son] bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga muvofiq, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladigan imtihonlar asosida amalga oshiriladi.
O‘quvchilar faqat o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinadi.
Tanlovda qatnashish uchun qabul komissiyasiga platforma orqali hujjatlar (tug‘ilganlik guvohnomasi, tabel nusxasi, 3×4 rasm, olimpiada g‘olibligini tasdiqlovchi hujjat (bor bo‘lsa) yuboriladi.
Kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida o‘tkaziladi:
- aniq fanlar yo‘nalishida: matematika, fizika, ingliz tili;
- tabiiy fanlar yo‘nalishida: biologiya, kimyo, matematika, ingliz tili.
Maktablarda ta’lim aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 5−11-sinflar, tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 7−11-sinflarda amalga oshiriladi.
Har bir sinfda o‘quvchilar soni 24 nafardan ko‘p bo‘lmaydi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Avvalroq, 1 sentabrgacha Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan 19 ta maktab-internat va 141 ta maktab tashkil etilishi haqida xabar bergan edik. Maktablarda sun’iy intellekt, robototexnika, nanotexnologiya, IELTS va TOEFL bo‘yicha qo‘shimcha kurslar o‘tilishi nazarda tutilgan.