Toshkent shahrining Chorsu bozoridagi gumbazlar madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritiladi. Bu haqda 5 may kuni Madaniy meros agentligi Ilmiy ekspert kengashi vakillari tomonidan Chorsu bozorida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari — Ilmiy ekspert kengashi raisi Tursunali Kuziyevning so‘zlariga ko‘ra, Chorsu bozori markaziy gumbazning atrofida joylashgan yettita gumbaz ham davlat muhofazasiga olindi.


«Aholining gumbaz buzilishi haqidagi xavotirlari o‘rinli. Biz buni inkor qilmaymiz. Chorsu gumbazlari — Toshkentning brendlaridan biri hisoblanadi. Bugun aylanib yurganimda ushbu gumbazlar fonida xorijliklar farzandlari bilan suratga tushayotganini ko‘rdim. Bu butun O‘zbekistonni yuzi, imidji va turistlarni jalb qiladigan obyekt», — dedi Tursunali Kuziyev.

Ta’kidlanishicha, shaharda madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritish uchun barcha asoslarga ega bo‘lgan obyektlar ko‘p, shu jumladan mazkur gumbazlar ham, biroq ular ro‘yxatdan joy olmagan. Agentlik Chorsu bozorini Eski shaharning tarixiy hududi sifatida ro‘yxatga kiritishni ko‘zlayapti.

Tursunali Kuziyev.

Qo‘shimcha qilinishicha, obyekt konstruktiv jihatdan kamchiliklardan ham holi emas. Jumladan, gumbaz osti yoz kunlarida isib ketadi, qushlar yig‘iladi, chang bo‘ladi. «Shunga qaramasdan u Eski shaharning maydoniga uyg‘un tarzda mos keladi. Usiz Eski shahar tasavvur ham qilib bo‘lmaydi», — dedi Ilmiy ekspert kengashi raisi.

Ikki gumbaz ostida amalga oshiriladigan qurilish ishlarining loyihasi.

Eski loyihada Chorsuda bosh gumbazdan tashqari qolgan kichik gumbazlar buzilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, Madaniy meros agentligi aralashuvidan so‘ng, mazkur gumbazlarni saqlab qolgan holda ta’mirlash ishlari olib borishga ruxsat berildi.

Jumladan, hozirgi kunda gumbazning ikkitasi ostida «Jewellery World» MCHJga tegishli bank binosi rekonstruksiya qilinmoqda. Loyihaga ko‘ra, umumiy maydon 3195 metr kv.ni, qurilish maydoni esa 3072 metr kv.ni tashkil etadi.


Mazkur obyekt loyihasi «ARCH LAB» xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu yerda zargarlik buyumlarini oldi-sotdi do‘konini qurish rejalashtirilgan.

«Binolar 70 yillar o‘rtasidagi me’morchilikning namunasi. Bu yerda o‘sha zamonning konstruktiv me’morchiligi bilan an’anaviy me’morchilik shakllari uyg‘unlashgan. Shuning uchun ham meni nazarimda bu binolar ham me’moriy, ham badiiy, ham funksional jihatdan tarixiy ahamiyatga ega. Kengash a’zolari bilan ushbu majmuani madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritishni afzal deb topayapmiz. Men arxeolog sifatida aytishim kerakki, [gumbazlarni] respublika miqyosidagi madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritish kerak», — dedi Ilmiy ekspert kengashi a’zosi Zafar Hakimov.

Zafar Hakimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur — Eski-Juva bozori hududiga yagona me’moriy majmua sifatida qarash kerak va davlat himoyasiga olish zarur.

«Eski-Juva makonini arxeologik yodgorlik sifatida saqlash kerak. Chunki bu yerda nafaqat bozor, balki mahallalar ham bor. O‘rta asr Toshkentining Shaxristonini saqlab qolish kerak degan fikrdaman», — dedi u.


«Biz loyihani ko‘rdik, u shahar bosh arxitektori tomonidan ma’qullangan bo‘lsa ham biz o‘z takliflarimizni berdik. Qonunga hilof ravishda ish tutilgan bo‘lsa albatta ko‘rib chiqiladi. Bu yerda ham huquqiy, ham me’moriy yechimi bor. Hozirgi loyiha bo‘yicha [gumbazlarning] umumiy majmuaviy holatiga putur yetkazilgani yuzasidan xulosamizni chiqarganimiz yo‘q», — dedi Zafar Hakimov.

Ilmiy kengash a’zolari qo‘shimcha qilishicha, hozirga qadar gumbazlarga zarar yetkazilganini aniqlash mushkul, sababi avvaliga ularning eski holatini bilib olish zarur. Qurilishga javobgar shaxslar mutaxassislarni gumbazlarga tegilmagan holda uning ostki qismida ishlar olib borayotganiga ishontirmoqda.

Qurilish ishlari olib borilayotgan ikki gumbazning ko‘rinishi.


Madaniy meros agentligi vakillari gumbazlar hozirga qadar davlat muhofazasiga olinmagani uchun unga yetkazilgan zarar yuzasidan biror shaxsni huquqiy jihatdan javobgarlikka tortish imkonsiz ekanligini tan olishdi. Biroq, bundan keyingi har bir holatda va majmuaning umumiy ko‘rinishiga putur yetkazganlar tegishli tartibda jazolanishini ta’kidlashdi.

Bundan tashqari, Madaniy meros agentligi 24/7 rejimida ishlovchi (+99871) 200−01−18 ishonch telefon raqamlari ishga tushirilganini ma’lum qilib, aholidan madaniy meros obyektiga zarar yetkazilayotgan holatlar bo‘yicha murojaat qilishlarini so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Toshkent shahar hokimligi Chorsu bozori va uning atrofini o‘zgartirishga oid loyihani e’lon qilgandi. Taqdim etilgan eskizlardan kichik gumbazlar joy olmagandi. «Gazeta.uz» ma’moriy merosni saqlab qolish bo‘yicha mutaxassis, IKOMOSning Germaniyadan a’zosi Yens Yordanning Chorsu bozori va uning atrofidagi hudud taqdiri tashvishlantirgani qayd etilgan maqolasini chop etgandi.