Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun berilgan imtiyozlar xatlovdan o‘tkazilishi mumkin. Bu korrupsiyaga moyil munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi dastur loyihasida keltirilgan. Tegishli prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, OTMga kirish uchun berilgan imtiyozlar qayta ko‘rib chiqilib, yagona hujjatda qat’iy ro‘yxati shakllantirilishi mumkin. Hujjat loyihasida ushbu imtiyozlarni umumiy kvotaga kiritmaslik to‘g‘risidagi qoida belgilanishi ham nazarda tutilgan.

Bunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozlar berishni to‘liq raqamlashtirish hamda elektron platforma orqali amalga oshirilishini yo‘lga qo‘yish;
  • o‘qishga kirishda imtiyozlar berishning shaffof tartibini belgilash.

Bundan tashqari, bir OTMdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish (shu jumladan, chet eldan) jarayonini raqamlashtirish, shuningdek, ikkinchi mutaxassislikka hamda hamkor chet el oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda qo‘shma o‘quv dasturlariga qabul qilish va talabalar hisobini yuritishda shaffoflikni ta’minlash ko‘zlanmoqda.

Hujjat loyihasida OTMlardagi talabalar yotoqxonasi bilan ta’minlash va talabalarni joylashtirishning elektron tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan.