2020 yil 1 may kuni soat 05:55. Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining 6-piket devori yorilib ketdi. Shu kuni sardobaliklar hayotidagi eng katta fojialardan biri sodir bo‘ldi. Suv ombori yorilishi oqibatida yaqin hududga juda katta zarar yetkazildi, 6 kishi vafot etdi, ko‘plab uylar vayronaga aylandi, aholining ko‘p yillik ro‘zg‘ori bir necha soat ichida yo‘qqa chiqdi. Sardobaliklar «Gazeta.uz»ga ushbu fojiada qanday qilib o‘z hayotlarini saqlab qolganliklari va ularning so‘nggi 2 yillik hayoti qay tarzda o‘zgarib ketgani haqida so‘zlab berdi.

Birinchi suhbatdosh — ilmiy tadqiqot ishi suvda oqib ketgan, falsafa doktori, dotsent Kamola Abrorxonova. 2020 yil 15 may kuni Shavkat Mirziyoyev Sardoba fojiasidan jabr ko‘rgan aholi bilan suhbati chog‘ida u bir necha yillik ilmiy ishining yo‘qotilganligini aytgan edi. Davlat rahbari istisno tariqasida Kamolaga falsafa doktori unvoni berilishini ma’lum qilgandi.

18 may kuni u o‘z ilmiy ishini O‘zbekistonda ilk marotaba onlayn tarzda himoya qilib, falsafa doktori bo‘ldi. Keyinroq u Toshkent pedagogika universiteti Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi kafedrasi mudiri etib tayinlandi, 2022 yilda esa dotsent ilmiy unvonini oldi.

Tirik qolish instinkti

2020 yil 1 may tonggi taxminan soat 6:10 larda, Ramazon oyi edi, saharlikdan keyin uydagilar dam olayotgandi. Men ertalab har doimgidek chelakni ko‘tarib, sigir sog‘gani ketayotgandim. Ko‘chaga chiqqanimda qo‘shnimiz yugurib, o‘pkasi to‘lib, ranglari qizargan, terlagan holda «Kamolaxon qoching, suv keldi» deb chiqib keldi.


U shunchalar hayajonda, qo‘rquvda boshqa gap gapira olmayapti. Keyin «qanaqa suv?», dedim. Bizda ichimlik suvi katta mashinalar, sisternalarda kelardi va biz suvni sotib olar edik. Ertalab bunaqa vaqtda suv olib kelishmasdi. Shuning uchun ertalab suv kelmaydiku deganimda, «yo‘q, suv ombori yorildi, suv keldi», dedi. Biz bunaqa holatga tayyor emas edik. Buni eshitib, biroz shokka tushib qoldik. Yugurib kirib, ukamni uyg‘otdim.

O‘zi shovillagan ovoz eshitilayotgandi, endi bu nimani ovozi, balki shamol yoki boshqa nimadir, haqiqatni anglab, ulgurmagandik. Nechadir daqiqalarda bo‘layotgan voqealar. Ukam uyimizni tomiga chiqib, ko‘rdiki, haqiqatdan ham suv toshayapti. Uyda hamma uxlayapti, hatto farzandim ham, ota-onam hammalari dam olishayotgandi. Qo‘limda sigir sog‘ishga ketayotgan chelak edi, o‘shandek ust-boshda uyga kirib, farzandimni ko‘tardim-da, hovlidagi moshinaga olib chiqdim. Uydagilar ham qanaqa kiyim, ust-boshda uxlashayotgan bo‘lsa, xuddi shunday chiqib kelib, mashinaga o‘tirishdi.

Ko‘chaga chiqqanimizda hamma joyda to‘polon, odamlar qochgan, hamma yugurgan. U yerdagi vahimani tasavvur ham qila olmaysiz. Insonning tirik qolish instinkti deydimi buni… Mahalla raisi hammani uydan chiqinglar, qochinglar deb ogohlantirayapti, mahalla posbonlari evakuatsiya deb yuribdi mashinada. Hech qachon bunaqa holga tushmagani uchun fuqarolar ozgina sarosimada.

«Kinolarda ko‘rgandik»

Mahalladan chiqishda avtomobili, ulovi yo‘q ayollar uy kiyimida, qo‘lida chaqalog‘i bilan yugurib ketayotganligini ko‘rdik. Biz-ku bir oila bo‘lib, bitta avtomobilda ketayapmiz, yordam bergingiz keladi, lekin meni ham qo‘limda yosh bolam bor. O‘zimni, farzandimni birinchi qutqarishim kerak. Yig‘lashingizni ham bilmaysiz, bu jarayonda kimgadir qo‘ng‘iroq qilishga ham, hayojonda bo‘lganingiz uchun hech nimaga ulgurmaysiz. O‘sha mahallada akalarim ham turar edi, ular ham o‘zlarini avtomobillarida chiqib ketishdi.

Ayollar, go‘daklar, bolalar hali hech nimani tushunishmaydi, jarayon qanday bo‘lishi, oqibatida nimalarga olib kelishini his qilishmaydi. Shunchaki hamma qochayapti. O‘sha paytda ukalarim, jiyanlarim bizni yuqoriroq joyga, taxminan 20 daqiqalik yo‘l yurib, Yangiyer shahriga olib borishdi-da, yana qaytib ketishdi. Mahalla yigitlari to suv kirguncha mashinasining benzini, gazi tugaguncha butun mahallani qutqarishga harakat qilishdi. Traktorlar, eski Moskvichlar, hatto yukxonalarida ham kampirlar, ayollar, hamma bir-biri bilan chiqib ketdi.

Taxminan soat 7:30 larda, oradan bir yarim soat o‘tayapti, telefon orqali bilayapmizki, mahallamizga suv kirib keldi. Biz chiqib ketayotganimizda bo‘lsa bir taxminan yarim metr suv keladi va biz qaytib kelamiz deb o‘ylagandik. O‘zi odatda qishloqlarda darvozalar qulflanmaydi, shunday ochiq qolgan. Mollarimizni ham arqonini bo‘shatmaganmiz, tovuq, mol joyida, hamma narsa shunday qolgan. Suv kirib keldi deyishdi, yarim metr, bir metr, soat 8 lar bo‘lgandan keyin 5 metr deyishdi. Tomlar ko‘rinayapti, boshqasi ko‘rinmaydi.

Buni eslashni o‘zi qiyin, chunki hech narsasiz qolish qiyin. To‘g‘ri tirik qoldik, Allohga shukur jonimiz sog‘. Bir necha soniyalar, bir necha soatlarda odam bunaqa vaziyatga tushishi kutilmagan holat. Mahalladan kim chiqdi, kim qoldi deb hamma bir-biri bilan bog‘lanishga harakat qildi. O‘sha vaqtda insoniylik, mexr, yaqinlariga bo‘lgan e’tibori, bir-birini yaxshi ko‘rib qidirishi — kinolarda ko‘rgan edik bu jarayonlarni, hayotda ko‘rmagan edik, shu kuni ko‘rdik.

«9 yillik qo‘lyozma tadqiqot ishim»

Soat 8 dan o‘tdi, suv kirib keldi, birinchi savol — Qayerga boramiz? Qanday kun kechiramiz? Va bizda nima qoldi? Avtomobilda, shu uy kiyimida bitta farzandimni olib chiqqanman. Mashinamda noutbukim bor edi, chunki bir kun oldin ishga borgan edim.

Dissertatsiyamni elektron varianti noutbukimda bor edi, lekin tajriba sinov ishi qolib ketgandi. Ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullangan insonlar biladi, tajriba sinov qismi bu uning qaymog‘i. Eng asosi, eng shirin joyi, eng mazali, eng ko‘p mehnatingiz sarf qilinadigan joyi. Men uni yillar davomida Xorazm, Andijon, Toshkent, Jizzax, Sirdaryodagi maktablarga borib, o‘tkazib kelgandim. Xatto Andijonda borgan maktablarimizga tuman mudirlari ham bormagan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman, Buloqboshi tumanida bir qavatli, darchalardan kiriladigan maktablarga borib o‘tkazganmiz.


Bu ish yangilik bo‘lsin, ta’lim tizimiga foydasi tegsin deb qilgandim. O‘sha yerda qilgan hamma tadqiqot ishlarim, tajriba sinovlarim natijalari qolib ketgandi. Hammasi qo‘lyozma variantda edi, o‘tirib keyin yig‘ladim, bir yillik mehnat emas edi. Bu mavzuda tadqiqot ishi olib borishni 2011 yilda boshlaganman. 9 yildan beri olib borayotgan ishlarimni mevasi edi u va to‘liq elektronga tushirmagan edik. Dissertatsiya tugagan bo‘lsa ham, uni tajriba sinov qismini hisob-kitoblari, ya’ni, statistika qismi qolgandi.

Shunda o‘yladimki, inson nimaga ko‘p mehnati singan bo‘lsa, nimaga ko‘p vaqtini sarflagan bo‘lsa, o‘sha narsa u inson uchun qadrli. Kim uchundir uy-joy, kim uchundir qolib ketgan kiyimlari, kim uchundir tilla buyumlari, kim uchundir pul, men topgan narsam o‘sha qog‘ozlar bo‘lgan ekan.

O‘sha kuni qarindoshlarimiznikiga bordik, davlat tomonidan yordam berildi. 6 may kuni qishlog‘imizga qaytib kirib keldik. Hamma emas, faqatgina yoshlar, chunki yo‘llar qo‘porilib ketgan, nechadir kilometr piyoda yurish kerak, loy. Katta yuk mashinasini kabinasiga 2 nafar ayol o‘tirdik va orqada 20 dan oshiq yigitlar. Kirib bordik mahallaga, oyog‘imizda rezina etiklar, ustimizda kurtka, boshimizda sellofan yopganmiz, chunki yomg‘ir yog‘ayotgandi. Taxminan mahallamizga 3 km qolganida uyog‘iga yurish imkonsiz edi, piyoda yurib bordik. Loy, oyog‘ingizni bossangiz qaytib ko‘tara olmaysiz.

«Urush bo‘layotganga o‘xshaydi»

Kirib borayapmiz mahallamizga, butun respublikadagi harbiylar, ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari, hammasi o‘sha yerda. Urush bo‘layotganga o‘xshaydi. Har bitta uyda 15−20 kishilik harbiy guruhlar joylashtirilgan, uyni tartibga solish, kimnidir nimaduri yo‘qolmasligini nazoratga olish uchun joylashtirilgan.

Eng ichkarigi xonamizda kitob javonimiz bo‘lardi, o‘sha meni xonam. Kitob javonda tadqiqot ishlarim, qo‘lyozmalar turgandi. Ichkariga derazadan kirdik, chunki hovli bir metr suv edi, kirganim sari harbiylar «kirmang, ustingizga nimadur yiqilib ketishi mumkin» deyishdi. Uyda yurish juda ham qiyin, 2 qarich loy kirib qolgan. Bir harbiy yigit «kelinoyi sandiqchangizni topib oldim» dedi. Meni xayolim sandiqda emas, xayolim televizor yoki pulda emas, xayolim o‘sha kitob javonga kirishim kerak.

Qo‘lyozmalarni olayapman yarmi xo‘l, yarimi loy. Ozgina kitoblarimiz qolgan, rahmatli bobolarimiz o‘z qo‘llari bilan teriga yozgan qo‘lyozma Quronlarimiz bor edi, ular eng tepada edi, shuning uchun suv tegmagan. O‘rtadagi polkalarga qo‘yilgan qog‘ozlarim xo‘l, olib yig‘lab o‘tiribman, harbiylar meni yupatishni ham bilmaydi, kulishni ham bilmaydi. «Opa qiziq ekansiz, nechta xonadonga kirdik, ayollar sandig‘iga, latta-puttasiga, qimmatbaho buyumlariga tarmashayapti, siz suvda ivigan kitoblarga qarab yig‘layapsizmi», deyapti. «Buni tushunmaysiz, chunki siz bu narsalar uchun vaqt sarflamagansiz, sizni sohangiz, mutaxassisligingiz boshqa», dedim. Men o‘sha qo‘lyozmalarni olib chiqdim, to‘g‘ri o‘qib bo‘lmaydi, 6 kun suvda qolgan narsani hidiga ham chidab bo‘lmaydi, lekin unga ham meni mehnatim ketgan.

Oltita sellofanga solib olib chiqdim, o‘zi u yerda yurish imkonsiz. Ikkita ko‘cha narida bir do‘konchi qarindoshimiz bor edi, Yangiyer shahriga, uydagilar bilan turgan joyimizga olib ketaylik desam, xatto ular ham kulayapti. «Nima qilasan xo‘l bo‘lgan, o‘qib bo‘lmaydigan qog‘ozlarni, undan ko‘ra kerakli, ishlata oladigan narsani olib chiqaylik» deyapti. «Iltimos shuni olib chiqib bering, boshqa hech narsa kerak emas», dedim.


Vaqtincha turgan joyimizga qaytib keldim, qog‘ozlarni yuvdik. Ishlatib bo‘lmaydi, hidiga chidab bo‘lmaydi. Lekin yuvib, bittalab quritdik, mehnatingiz bo‘lgani uchun ichingiz achir ekan (yig‘lab so‘zlab berdi). Ko‘pini olib ham qo‘yganman, sarg‘ayib yotibdi.

«O‘zbekistonni harbiy kuch-qudratiga tan berdim»

15 mayga qadar u yerda shunaqangi katta ishlar amalga oshirildi, agar respublika miqyosida bu jarayonga yordam berilmaganda, biz u 15 kunda qilingan ishni bir yilda ham qila olmas edik. Tartibga solish, suvni haydab chiqarish… Insonlar shunaqa bir-biriga yordam berayapti, u yerda ichimlik suvi yo‘q, boshida ovqatlanishga ham imkon yo‘q edi, chunki oziq-ovqat olib o‘tish uchun yo‘lning o‘zi yo‘q edi-da.

Harbiylar shu darajada harakat qilishdi, o‘shanda O‘zbekistonni harbiy kuch-qudratiga ham tan berdim. Harbiy degani qo‘lida qurol bilan urushga kirish degani emas, balki insoniy xislar bilan yordam berish. Nimadirimizni topib olishsa, olib kelib yordam berishdi, men bu yordamlarni hech qachon unutmayman. Har doim duo qilib, kelajakda ham qo‘limdan kelsa shu insonlarga yordam bergan bo‘lar edim.

15 may kuni yurtboshimiz bilan bo‘lgan suhbatga kirishimizni aytishdi. Xatto tadbirga kiyib borishga kiyimimiz yo‘q, chunki oddiy kiyimda suvdan qolganmiz. Ayollar bayram yoki to‘yga borsa ham yasanishga, bo‘yanishga harakat qilishadi. Bir kun oldin mahallani ayollari mayli nima bo‘lsa ham, prezident bilan bir marta ko‘rishsak yetadi, deb gapirishayapti.

Davlat rahbari suv toshqini, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha gapirdilar. 2−3 qatorda o‘tirgan edim, shunaqangi dalda berayaptilar, eshitayapmiz va yig‘layapmiz. «Mana shunaqangi sharoit qilib beraman, kun kelib suv toshgan kunni eslaganlaringda og‘riq, achinish bilan emas, balki quvonch bo‘ladi», degan ma’noda samimiy dildan gapirdilar. Va shu ishlarning hamma natijasini ko‘rdik.

«Prezidentimiz doktorlik diplomi berilishini e’lon qildi»

Prezident qanaqa fikrlar borligini so‘radilar, odamlar so‘zga chiqdi. Navbat menga keldi, oddiy bir doktorant sifatida o‘sha vaqtda ko‘zimga «tadqiqot ishim va farzandim» ko‘ringanini aytdim. Prezidentimiz o‘sha joyning o‘zida doktorlik diplomi berilishini e’lon qildilar. Bu tushimmi, o‘ngimmi, qanchalik haqiqat tushunmay qolarkansiz. Sizni chuqurlikdan olib, sizni yuksaklikka ko‘tarib qo‘yish qanday bo‘ladi, xuddi shunday jarayon. Ular gapirayaptilar, men rahmat aytib, yig‘layapman.

Shavkat Mirziyoyevning mirzaobodliklar bilan uchrashuvi, 2020 yil 15 may.

Bilmadim, balki kim uchundir moddiy ne’matlar, imkoniyatlar muhimdir, lekin menga qilgan ishimni natijasi, mehnatim samarasi ko‘proq muhim. Mana shunday og‘ir vaziyatda, u yerda moddiy ehtiyojga ko‘proq e’tibor berilishi kerak bo‘lgan vaqtda ham O‘zbekistonning chetrog‘idagi bitta qishloqning oddiy bir qizi uchun berilgan imkoniyat butun hayotimni o‘zgartirib yubordi. Yurtboshimiz bularga ko‘proq suv, oziq-ovqat, moddiy ne’matlar kerak demay, ilm-fanga ham e’tibor berishlari e’tirofga loyiq.

Tadbirdan chiqib, uyga qarab yugurib ketayapman. Borsam, uyda tozalash ishlari hali ham davom etayapti. Akalarimga «tabriklang, men doktor bo‘ldim», desam, ular hayron «qachon, qayerda doktor bo‘lding», deyishdi. «Hozir prezidentimiz bilan suhbatlashdim, ular menga doktorlik unvonini berdilar», desam, akam yig‘lab yubordilar. Chunki ular men buni qanchalik xohlaganimni va qancha mehnat sarflaganimni biladi.

18 may kuni Guliston davlat universitetida O‘zbekistonda ilk marotaba onlayn, masofadan turib, doktorlik dissertatsiyamni himoya qildim. Hali O‘zbekiston uchun ko‘p ishlar qila olmagan, maqsadi faqatgina o‘qish bo‘lgan, oddiy doktorant qiz uchun bu juda ham katta e’tibor. Nafaqat menga, bu ilm ahliga bo‘lgan e’tibor deb o‘ylayman, lekin bu meni misolimda bo‘ldi.

«Prezident — kadrlarning ixtirochilari»

Shavkat Mirziyoyevning sirdaryoliklar bilan saylovoldi uchrashuvi, 2021 yil 13 oktabr. Foto: Kamola Abrorxonvaning shaxsiy arxividan.

Suv ombori o‘pirilganidan keyin oradan 5 oy o‘tib, prezident bo‘lib o‘tgan ishlar natijasini ko‘rish uchun yana keldilar. Tadbirga kirib keldilar, birinchi qatorda o‘tirgan edim, «Ie, doktor qizim shu yerda-ku» deb gapirdilar. Bilasizmi besh oy o‘tib, shunchalik ko‘p odamni ko‘rib, yana meni esda qoldirganliklari rostdan ham quvonarli holat.

Prezident 2021 yil 13 oktabrda saylovoldi dasturi bilan Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurganlarida yana uchrashdik. Suhbat jarayonida 20−30 dan ortiq fuqarolarning har birini dardi, fikri va takliflarini eshitdilar. Vaqt o‘tib ketayapti, balki ularning faoliyatlari aniq vaqt rejimiga asoslangandir, lekin hech qanday vaqtga qaralmadi. Hech kimning fikri chetda qolmadi, hammasiga munosabat bildirdilar.

Tadbir so‘ngida birga suratga tushdik. Suratni chiqarib, xonamga ham ilib qo‘yganman, yaxshi kunlardan esdalik va har doim prezidentimga bergan va’damni eslatib turadi. Kimdirning xobbisi dam olish, sayohatga chiqish bo‘lishi mumkin. Lekin bizning faoliyatimiz ham, xobbiyimiz ham ta’lim. Tanishlarimiz «ta’lim uchun yaratilgansan», deb kulib qo‘yishadi. Men bundan faxrlanaman.

Kimyo fani o‘qituvchisi qanaqadir yangi bir modda kashf qiladi, shifokor bo‘lsa qanaqadir bir kasallikning davosini ixtiro qiladi. Yurtboshimiz har bir tadbirlarida, har bir uchrashuvlarida yangi bir kadrlarni, yangi bir fuqarolarni kashf etadilar. Yurtboshimizni — mutaxassislarning ixtirochilari deb bilaman. Chunki, yo‘q joydan ham yoki ozgina bo‘lsa ham imkoniyat va sharoiti bo‘lgan joydan uni qo‘llab-quvvatlab, imkoniyat berib, yangi kadr ixtiro qilayaptilar. Mana biz ulardan kuch olib, qancha yoshlar bilimli bo‘lishiga o‘zimizni kuchimiz, mehnatimizni sarflayapmiz.

«Suv ombori yorilishi hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi»


2020 yil 2 iyuldan boshlab Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqdaman. Kafedrada 35 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Ular fan doktorlari, professor, dotsentlar hammasi bir ahil jamoa sifatida, ularni yoshi mendan katta bo‘lishiga qaramasdan birgalikda faoliyat olib boramiz. Boshlang‘ich ta’lim fakultetida 2300 dan ziyod talaba o‘qiydi. Juda ko‘p talabamiz, kunduzgi, kechki, sirtqi, ikkinchi mutaxassislik yo‘nalishlarida — pedagoglar 3 smenada dars beradilar.

Ishimdan zavqlanaman. Chunki, kichkinaligimdan o‘zi o‘qituvchi bo‘lishni xohlaganman. Eng o‘zimni xotirjam his qiladigan joyim bu — o‘quv xonasi. Ish boshlaganimda birinchi beriladigan savol «Ustoz biz sizni televizorda ko‘rganmiz, siz o‘sha doktorlik diplomini olgan o‘qituvchisiz, a?» deyishardi va shuni aytib bermagunimcha qo‘yishmas edi. Darsda zo‘r o‘tirsanglar, faol ishtirok etsanglar va fan tugaguncha dars qoldirmayman deb va’da bersanglar aytib beraman, deb shart qo‘yar edim va keyin aytib berardim.

Mana 2 yil o‘tdi, ortga qarasak, suv ombori yorilishi hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi. Xalqimiz har yomonning bir yaxshisi bor deydi. Menimcha hamma quvonch bilan eslaydi. Qaysi fuqaroga nima kerak bo‘lsa, hamma sharoit oldingidan ko‘proq qilib tashkillashtirib berildi. Yo‘llarimiz ravon bo‘ldi, kommunal xizmatlar yaxshilandi, hammaga uy-joy qurib berildi. 40 mln so‘mdan pul berildi, to‘liq maishiy texnika bilan ta’minlandi, muzlatgich, televizor, kirmoshinagacha. Maktab, bog‘chalar ta’mirlandi.

«Fuqarolarimiz hech nima yutqazmadi»

Menimcha mahallamiz, fuqarolarimiz hech nima yutqazmadi. Ular faqat hayotni bir martasiga yangidan boshlashdi. Bir tong, bir necha soat va o‘tgan 3 oy — maydan to avgustgacha qayta hayot boshlashdi. O‘zbek xalqi qachon xotirjam bo‘lsa, puli, hamma narsasi yetarli bo‘lsa, u to‘y qiladi. Biz o‘zimiz ham to‘y qildik, ukamni uylantirdik, singlimni uzatdik. Ko‘nglimizga shu narsa sig‘di. Chunki biz xotirjam edik. Mahallamizda juda ko‘plab to‘ylar bo‘ldi, ko‘pchilik berilgan pullarga yangi avtomobillar sotib olishdi.

Sinovga sabr qilish kerak ekan, mana xalq o‘sha vaqtda sabr qilgani uchun har jabhada shunchalik e’zozlandi, qadrlandi. Bemalol ayta olaman, hozir hech kim o‘sha jarayonni qayg‘u bilan eslamaydi. Chunki biz ortig‘i bilan oldingidanda yaxshi hayot kechirayapmiz. Xatto bir xil kursdoshlarim «essiz, men ham Sardobada turmagan ekanman» deb hazllashganlari ham bo‘ldi.

Bir kishining ko‘nglini shod qilish Kabani ziyorat qilish bilan teng. U yerda bir emas, minglab, 10 minglab, 100 minglab insonlar bor edi. Bog‘cha bolalaridan uyni senga kim berdi deb so‘rang, «menga bu uyni prezidentim berdi», deydi. Hali ko‘rmagan, suhbatlashmagan, lekin u prezidentini shu darajada mehribonliklarini his qilgan. Chunki unga boshpana berishdi. U ko‘chada qolmadi, u o‘zi qiynalib, uy-joy qilmadi, 3 oyni ichida yangi shinam hovlilar, hamma jihozlari yetarli uylar, gumbura-qars qilib, qurib berishdi.

«Dotsent ilmiy unvonini oldim»

Menga berilgan ishonchni oqlashga harakat qilib, faoliyat olib bormoqdaman. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga ham a’zo bo‘ldim. Yaqinda, bundan ikki oy oldin dotsent ilmiy unvonini oldim. Menimcha O‘zbekistondagi eng yosh dotsentlardan biriman.

Yoshlarga beradigan tavsiyam hayotda hech qachon yo‘qotishlardan qo‘rqmaslik kerak. Qaysidir jabhada siz nimadirni yo‘qotdingizmi, uning o‘rnini mehnatingiz, bilimingiz, sabr-toqatingiz, o‘z fidoiyligingiz bilan bundanda yuksakroq darajaga olib chiqishingiz mumkin. Ko‘proq kitob o‘qish kerak, o‘zining sohasini mutaxassisi bo‘lishi kerak.