O‘zbekiston Mudofaa vazirligi «Sputnik Afganistan» agentligining O‘zbekistonga tegishli uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari Afg‘oniston havo makonini buzib o‘tgani haqidagi xabarini rad etdi.

«Bu kabi tarqatilayotgan xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy-havo kuchlari tomonidan qo‘shni davlatlar havo makonini buzish holatlari bo‘lmagan», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘shni davlatlar aviatsiyasi tomonidan mamlakat havo makonining buzilish holatlarini qayd etmagan, deya ta’kidladi vazirlik.

«O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining uchuvchisiz boshqariladigan, qiruvchi va ishg‘ol aviatsiyasi qat’iy belgilangan tartibda jangovar navbatchilik o‘tamoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.