29 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [230-sonli] qarorni imzoladi.

1 iyundan «Ishga marhamat» monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.

Hujjatga ko‘ra:

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida o‘z nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va ko‘chmas mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish) davlat boji to‘lamaydi;
  • yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ham davlat OTMdagi kabi oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablag‘ ajratiladi;

1 iyuldan boshlab:

  • Davlat budjetidan oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlariga mablag‘ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablag‘lar kommunal xarajatlar bilan birga ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi;
  • jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi bo‘lgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar to‘lanadi.

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam ta’minlanadi. Buning uchun har yili 5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 2023−2025 yillarda 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan «Imkon» ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish choralari ko‘riladi.