Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 30 aprel kuni poytaxtda tungi avtopoygalar bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

U poytaxtda drift va poyga o‘ynash masalalari rivojlanib borayotgani va buning oqibatida ichki ishlar organlari drift qilganlarni 10−15 sutkaga qamash jazosini qo‘llayotganini ta’kidladi.

«Oldindan biror muammo chiqsa yoki ichki ishlar xodimlari ishlashiga komfort buzilsa, taqiq bilan ishlayapmiz. Demakki, yoshlarda drift qilishga, poyga o‘ynashga ehtiyoj bor. Bu dunyoda xalqaro sport darajasiga chiqqan», — dedi u.

Hokimning fikricha, har narsaga ta’qiq qo‘ymasdan, uning oldini olish va yoshlar bilan gaplashib, ular nima sababdan avtopoygalarga qiziqishini o‘rganish kerak.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshket shahri atrofidagi sobiq «Vatanparvar» avtomaktablarining bo‘sh turgan poligonlarini ajratib berish hamda poytaxtda avtosportni rivojlantirish, xalqaro chempionatlarni tashkillashtirish va bunga turistlarni jalb qilishni taklif qildi.

«Nimaga shu joylarni qilib bermaymiz, har narsaga faqat taqiq qo‘yamiz?.. Bu hech qanaqa jamoatchilikka zarar beradigan sport emas. Bu shunchaki yoshlarning qiziqishi, havaskorlik darajasida qaragan ma’qul», — dedi u.

Toshkent hokimi zarur bo‘lsa yangi poligon qurish masalasi ham ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov bu masalani o‘rganib chiqishini qayd etdi.