29 aprel kuni Kobuldagi Xalifa Sohib so‘fiy masjidida portlash sodir bo‘lib, kamida 10 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi og‘ir yaralandi, deya xabar bermoqda BMT axborot xizmati.

Qurbonlar soni haqidagi taxminlar bir-biriga zid. Mahalliy kasalxonalar yaradorlar va halok bo‘lganlar soni o‘zgarib borayotgani haqida xabar berishmoqda, Reuters masjid imomiga tayanib, 50 dan ortiq o‘lim holati haqida ma’lum qildi. Portlash masjidni vayron qilgan va namoz vaqtida binoning tomi qulab tushgan.

BMT Afg‘oniston provinsiyalari va Kobulda musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida tinch aholiga qarshi uyushtirilgan seriyali qonli hujumlarni keskin qoraladi.

«Muborak Ramazon oyining so‘nggi juma kuni sodir bo‘lgan portlash hali ham doimiy xavf va zo‘ravonlik ostida qolayotgan Afg‘oniston xalqi uchun navbatdagi og‘riqli zarba bo‘ldi», — dedi BMTning Afg‘onistondagi gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori Ramiz Alakbarov.

BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasining (UNAMA) bayon qilishicha, Kobul, Qunduz va Mozori-Sharifda sodir bo‘lgan so‘nggi paytlardagi portlash hazora, shia va so‘fiy qatlamni nishonga olgan ko‘rinadi.

Bundan oldin, payshanba kuni Balxdagi Mozori Sharifda ikkita yo‘lovchi mikroavtobusi portlatib yuborilgan, natijada 9 kishi halok bo‘lgan va kamida 15 kishi jarohatlangan edi. O‘tgan juma kuni Qunduzdagi masjidda 33 kishi halok bo‘lgan. 19 aprel kuni Kobulning shia mahallasidagi o‘g‘il bolalar maktablarida portlashlar sodir bo‘ldi.

«Hujum… inson hayoti va diniy qadriyatlarni butunlay mensimaydi. Ibodatxonaga qarshi qilingan bu jirkanch harakatni qoralash uchun kuchli so‘zlarning o‘zi yo‘q», — deya izoh berdi BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Mette Knudsen.

U Afg‘onistonda tinch aholi, etnik va diniy qatlamga qarshi davom etayotgan hujumlar tashvishli tendensiya ekanini ta’kidlab, xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlarining buzilishini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.