Yanvar-mart oylarida aholining umumiy daromadlari 114,2 trln so‘mga yetdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sish nominalda 15,9 foizni, real ko‘rsatkichda (inflyatsiyani hisobga olgan holda) 5,4 foizni tashkil etdi. O‘sish sur’ati 2021 yilning birinchi choragidagi xuddi shu ko‘rsatkichlarga — 22,1% va 9,8% nisbatan pasaygan.

2022 yilning ilk uch oyida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 3,2 mln so‘mgacha ko‘tarildi. Nominal ko‘rinishda tushumlar 13,6 foizga, real qiymatda 3,3 foizga (iste'mol narxlarini hisobga olgan holda) o‘sdi. Bu ko‘rsatkichlar ham 2021 yilning birinchi choragiga — 19,8% va 7,7% nisbatan kamroq hisoblanadi.


Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Toshkent shahrida aholi jon boshiga nisbatan nominal daromadlar 7,71 mln so‘mni tashkil qilib, poytaxt uch oy davomida yetakchilikni saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — 5,76 mln so‘m, Toshkent viloyati — 3,77 mln so‘m, Buxoro viloyati — 3,47 mln so‘m qayd etildi. Aholining nominal daromadlari eng past hudud esa Namangan viloyati bo‘ldi — 2,33 mln so‘m.

Muhim jihatlardan biri aholi daromadlari Navoiy (+10,2 foiz), Farg‘ona (+9,4 foiz) va Toshkent (+6,5 foiz) viloyatlarida oshdi. Buxoro (-0,6 foiz), Surxondaryo (-0,4 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (-0,3 foiz) esa aholi daromadlari biroz kamaydi.

Aholining umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyati (xodimlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar) ulushi 62 foizdan 62,5 foizga oshdi. Mol-mulkdan olingan daromadlar ulushi o‘tgan yilgi 2,7 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 3,1 foizgacha o‘sdi. Transfertlardan olinadigan daromadlar (pul o‘tkazmalari, nafaqalar, pensiyalar, stipendiyalar) ulushi bir vaqtning o‘zida 0,3 foizga kamayib, 26,9 foizni tashkil etdi.

Ishchilarning daromadlari umumiy daromadning 32,8 foizini, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa 29,6 foizini tashkil qiladi. Mustaqil ravishda band bo‘lganlarning umumiy daromadlardagi ulushi bo‘yicha Jizzax (44,1%), Buxoro (39,4%), Xorazm (47%), Toshkent viloyati (35,7%) va Surxondaryo (35%) yetakchilik qilmoqda.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Xorijdan pul o‘tkazmalarining nominal o‘sishi 8 foizni tashkil etdi, ammo shunga qaramay, ularning umumiy daromadlardagi ulushi 1 foizga kamaydi. Aholining umumiy daromadlarida pul o‘tkazmalarining eng katta ulushi Samarqandda — 22,6 foiz (2021 yilda 25,6 foizni tashkil etgan), Farg‘onada — 19,1 foiz (15,9 foiz), Andijonda — 19 foiz (21,2 foiz), Surxondaryoda — 18,5 foiz (21,1%) qayd etildi.

2022 yilning dastlabki uch oyida migrantlar O‘zbekistonga 1,47 mlrd dollar jo‘natgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 3 foizga ko‘proqdir. Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlardagi iqtisodiy faollikning pasayishi, milliy valyuta kursining o‘zgarishi va migratsion oqimlar joriy yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 18−25 foizga kamayishi ehtimolini yuzaga keltirmoqda, deya qayd etdi Markaziy bank.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 20 foizga o‘sib, 3,2 mln so‘mni tashkil qilgandi.