29 aprel kuni Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taraqqiyot strategiyasida Samarqand shahrini istiqbolda «millionlik shaharlar»ga aylantirish maqsadi belgilangan. Buning uchun joriy yilda shahar hududi 28 ming gektar qilib kengaytiriladi. Kelgusi 5 yilda Qorasuv mavzesi, Shirin mahallasi va vokzal ortidagi hududda 300 ming aholiga mo‘ljallangan yangi uy-joylar barpo etiladi. Shuningdek, turistlar soni 5 mln nafarga yetishi kutilmoqda.

Bularning barchasi shaharning transport tizimi, yo‘llari va yo‘l infratuzilmasini yangidan ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda, deyiladi taqdimotda.

Hozirda doimiy aholi va tumanlardan keluvchilarni qo‘shib hisoblaganda, Samarqand shahrida kuniga 925 ming kishi harakatlanadi. Ularning katta qismi — 592 ming nafari shaxsiy avtomobillarda yuribdi. Jamoat transportidan bor-yo‘g‘i 330 mingdan ziyod aholi foydalanayapti.

Bunga sabab jamoat transporti qatnovi qulay va barqaror emas. Tashuvchilar aholining ehtiyojidan kelib chiqib emas, kunning «eng daromadli» paytida harakat qiladi. So‘nggi ikki yilda 38 ta marshrut norentabellik sababli to‘xtagan, 300 ta avtobus yetishmaydi.Taqdimotda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Taqdimotda prezident bergan topshiriqlar bo‘yicha xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, jamoat transporti tarmog‘i magistral, yetkazib beruvchi va ichki yo‘nalishlarga ajratiladi. Hozirgiga qo‘shimcha 40 ta yangi yo‘nalish, xususan, aeroport, vokzal va tarixiy markazlarni bog‘laydigan 5 ta ekspress yo‘nalish tashkil etiladi. Avtobuslar katta sig‘imlisiga almashtirilib, markaziy ko‘chalarda ularning harakati uchun alohida yo‘lak ajratiladi. 2022 yilda 80 ta, 2023 yilda 100 ta elektrobus olib kelinadi. Bekatlar soni ko‘paytiriladi. Samarqand shahar hokimligi tarkibida Transport bo‘limi tashkil etiladi. 1 iyuldan boshlab, Samarqand viloyati budjetidan shahar transportiga subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari bu ishlarda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, yo‘l harakatini boshqarishni raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

«Hayot tezlashdi, odamlarning faolligi oshdi. Lekin jamoat transporti avvalgiday turibdi. Yo‘lni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib bo‘lmaydi. Jamoat transportiga ustunlik berish kerak. Dunyo tajribasiga qaranglar. «Aqlli svetofor"lar o‘rnatib, yo‘l harakatini onlayn boshqarib, ko‘chalarning o‘tkazuvchanligini oshirish zarur. Kelgusida hamma shaharlarimizda shunday qilamiz. Samarqand bunda andoza bo‘lishi kerak», — dedi prezident.

Taqdimot davomida loyihani mukammal qilish, yo‘nalishlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Uni jamoat transporti holati eng og‘ir bo‘lgan ko‘chalardan boshlab, bosqichma-bosqich amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

«Odamlar bu ishlarni qulayligidan sezishi kerak. Jamoat transportida yurish arzon, sifatli va tez bo‘lsa, yo‘lovchilar shuni tanlaydi. Buning uchun infratuzilmani, yo‘nalishlarni to‘g‘ri tashkil qilish kerak», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, viloyatdagi Pastdarg‘om va Bulung‘ur tumanlarini Samarqand shahri bilan bog‘laydigan elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.

Qolaversa, taqdimotda yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash rejalari bo‘yicha ham axborot berildi.

Bu yil Samarqand shahrida 160 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, 5 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi boshlanadi. 102 ta yangi bekat tashkil qilinib, mavjudlari tartibga keltiriladi.