2022 yil 1 maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12%ga oshirilishi belgilandi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati. Bu haqda prezidentning «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, 1 maydan boshlab O‘zbekiston hududida:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 324 000 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 633 000 so‘m;
  • nogironlik pensiyalari, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 698 000 so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 698 000 so‘m etib belgilanishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, 1 maydan boshlab:

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 500 000 so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m etib belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida «Ulug‘ ayyom — Ramazon hayiti bayrami arafasida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqilishini» ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Bugungi muborak kunlarda xalqimizga xos olijanoblik va mehr-muruvvat ramzi sifatida nuroniylarimiz, yolg‘iz va ehtiyojmand bo‘lgan opa-singillarimiz, aka-uka va farzandlarimizga e’tibor ko‘rsatish, holidan xabar olib, dardiga malham bo‘lish, o‘ylaymanki, Yaratganga ham, xalqimizga ham, albatta, xush keladi», — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 1 sentabrdagi farmoni bilan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori oyiga 440 ming so‘m etib belgilangan edi.