Ramazon hayiti arafasida prezident adashib jinoyatga qo‘l urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaroni afv etish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishda ushbu farmonga imzo chekkanini ma’lum qildi. «Ramazon oyi — saxiylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik oyidir. Bu qutlug‘ ayyomda mehr-shafqatli, kechirimli bo‘lish hammamiz uchun ham farz, ham qarz», — dedi u.

Shuningdek, davlat rahbari mutasaddilarga ushbu fuqarolar bayramni o‘z uyida, yaqinlari bag‘rida kutib olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari oldiga bayram yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

«Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, odamlarning dardiga darmon bo‘lish — insoniylikning oliy namunasi ekanini unutmasligimiz, bunday ezgu ish uslubi bizning nafaqat xizmat vazifamiz, shu bilan birga, vijdoniy burchimizga aylanishi kerak», dedi prezident so‘zining yakunida.