Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Senatning 25-yalpi yig‘ilishida Markaziy bank rahbariyatiga tijorat banklariga yangi, yosh rahbar kadrlar tayinlagandan keyin ularni zamon talablariga mos ravishda ishni tashkillashtira oladigan qilib o‘qitish yuzasidan tavsiyalarini berdi, deb xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Markaziy bank faoliyatiga baho berilarkan, Xorazm viloyati misolida faoliyat samarali yo‘lga qo‘yilmagani, qator xato va kamchiliklar borligi hamda regulyator sifatida buni Markaziy bank nazorat qilishi kerakligi ta’kidlandi.

«Senat raisi bitta bankda kamchilikka yo‘l qo‘ygan, xatto jinoyat sodir qilgan bank mas’ulining boshqa bir bankka borib ishga joylashishi noto‘g‘ri ekanligini aytib o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, u Markaziy bank faoliyatida o‘zgarish, o‘sish borligi boshqa qo‘shni davlatlar bilan taqqoslanganda pandemiyadan keyingi davr sarhisobi misolida o‘z isbotini topishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil aprel oyida Xalq banki boshqaruvi raisi etib tayinlangan M.Eshmatov lavozimga kirishganidan so‘ng, bank binosi qurilishida 5,5 mlrd so‘mlik bank mablag‘larini talon-toroj qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 2019 yil oktabrda esa M.Eshmatov Mikrokreditbankka rahbar etib tayinlangan hamda o‘z ofisini mebel bilan jihozlash uchun aslida 100 mln so‘m sarf qilgan, lekin firmalar orqali 273 mln so‘m to‘lagan, shuningdek, bankning Sirdaryo filiali uchun 4 mlrd so‘mga bino sotib olgan, ammo obyekt 700 mln so‘mga tushgan.