O‘zbekiston jamiyatida huquqiy ong yuksalib, so‘z erkinligi, demokratlashtirish va plyuralizm tobora rivojlanib bormoqda. Bu haqda 28 aprel kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida adliya vaziri Ruslanbek Davletov aytib o‘tdi.

Demokratik tamoyillar va islohotlarni o‘zida aks ettiruvchi yangi qonunlarning qabul qilinishi ularga nisbatan ochiq fikr bildirish, ularni jamiyatda hamma ham birdek qabul qilmasligi bilan birga keladi. “Bu tabiiydir va buni to‘g‘ri qabul qilishniyam o‘rganishimiz kerak”, — dedi vazir.

U qonun ustuvorligini bu jarayonda odamlarni birlashtiruvchi yagona vosita yoki mexanizm deb atadi. “Biz, huquqshunoslar, milliy g‘oya sifatida aholini qonun ustuvorligi g‘oyasi atrofida birlashtirishimiz kerak”, — dedi Adliya vazirligi rahbari.

Ruslanbek Davletov ta’kidlaganidek, “qonun ustuvorligi fikrlar xilma-xilligi bilan birlashgan munosabat va yondashuvni, fikrlar xilma-xilligini hurmat qilish va muammolarni qonuniy yo‘llar bilan hal etishni ta’minlaydi”.

“Bunda asosiy mas’uliyat davlat organlariga to‘g‘ri keladi. Chunki ular birinchi navbatda o‘z ishlash uslublari, prinsiplari va yondashuvlari bilan o‘z faoliyatlarida qonun ustuvorligini ta’minlashi zarur”, — qayd etdi u.

Vazir “maktablardagi huquq fanlari bo‘yicha darsliklarning qoniqarsiz sifati, quruq huquqiy til, tushunarsiz taqdimotlar va ulardagi ko‘plab takroriy holatlar"ni qayd etdi. Maktabda huquqiy ta’lim sifatini oshirish, huquqni o‘rganishni aniq misollar asosida tashkil etish orqali uni hayotga yaqinlashtirish zarurligini ko‘rsatdi.

Ruslanbek Davletov Adliya vazirligi tomonidan aholining 5 yosh toifasi uchun huquqiy bilimlarga nisbatan minimal talablar ishlab chiqilgani, masalan, 4 yoshli bola, 15 yoshda nimani bilishi kerakligi haqida gapirdi. Darsliklar ana shu talablar asosida qayta ko‘rib chiqilib, kundalik hayotga moslashtiriladi.

Ko‘p millionli jamiyatning huquqiy ongidagi o‘zgarishlar bilan bir qatorda davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarning huquqiy tafakkurini isloh qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish zarur, dedi adliya vaziri. 2021 yilda davlat organlarining 14 ming nafar xodimi huquqiy tayyorgarlikdan o‘tdi, shundan 300 nafari imtihondan o‘ta olmagan va qayta o‘qishga kirishadi. Qayta tayyorlash ham, keyingi 12 soatlik maxsus o‘quv kurslari ham imtihondan o‘tishga yordam bermasa, bunday xodimlarning keyingi faoliyatining maqsadga muvofiqligi ko‘rib chiqiladi.

Huquqiy munosabatlarning asosiy muammolari orasida firibgarlik, kiberfiribgarlik va moliyaviy piramida sxemalari kuchaymoqda. Oxirgi 4 yil ichida firibgarlik holatlari 4 baravarga oshgan — 2018 yildagi 6483 ta holatdan 2021 yilda 24554 tagacha. Kiberfiribgarlik 3 yil ichida 8,3 baravar oshgan va barcha jinoyatlarning 5 foizini tashkil qiladi.

Adliya vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, jinoyatchilar javobgarlikka tortilib, zararni to‘liq qoplamasdan bir oz muddat ozodlikdan mahrum qilinib, yana ozodlikka chiqishi kuzatilishi mumkinki, bu ham aholida salbiy kayfiyatni paydo qilishi mumkin. Shuning uchun firibgarlik sodir etgan va zararni to‘liq to‘lamagani uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxslar, jazoni o‘tash davomida to‘liq zararni qoplamagan bo‘lsa, shartli ozod qilinmasligini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Vazir samosud qilish holatlari ko‘payganini, uning fikricha, bu erkin jamiyat qurish va unda xavfsiz yashashga katta to‘siq bo‘layotganini ta’kidladi. Targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish va samosud qilish holatlariga qarshi kurashish zarur, dedi u.

Konstitutsiya bo‘yicha umummilliy onlayn imtihonda 50 mingdan ortiq fuqaro qatnashdi, dedi vazir. Asosiy qonunning 30 yilligini nishonlash munosabati bilan konstitutsiyaviy imtihonni katta qamrovda o‘tkazish, boshqa tillarda ham testlar tayyorlash rejalashtirilgan.

Huquqiy bilim va yuridik yordamni targ‘ib qilish borasida huquqiy masalalar bo‘yicha sakkizta onlayn resursni sanab o‘tdi: maslahat.uz yuridik portali (maslahat.uz), Biznes uchun maslahat portali, bolahuquqlari.uz mobil ilovasi, test.adliya.uz sayti, milliy huquq. Huquqiyportal.uz internet portali, kurslar.huquqiyportal.uz (interaktiv shaklda yuridik masalalarni mustaqil o‘rganish portali, sertifikat olish mumkin), hudud24.uz, Gender Madad platformasi.