1 maydan boshlab pensiya va nafaqalar 12%ga oshiriladi

Prezident farmoni bilan 1 maydan boshlab pensiya va nafaqalar 12%ga oshiriladi. Shuningdek, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan hamda boquvchisini yo‘qotganlar uchun oylik nafaqa miqdori 500 ming so‘m etib belgilandi.

«Yo‘lni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib bo‘lmaydi» — prezident

Samarqandda jamoat transportini rivojlantirish uchun 2023 yil oxirigacha 40 ta yangi, jumladan, 5 ta ekspress yo‘nalish ochish, markaziy ko‘chalarda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar ajratish, 180 ta elektrobus xarid qilish rejalashtirilmoqda. 1 iyuldan boshlab shahar jamoat transporti viloyat budjeti hisobidan subsidiyalanadi. Ikki tumanni Samarqand bilan elektropoyezd orqali ulash taklif qilinmoqda. «Yo‘llarni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal qilib bo‘lmaydi. Jamoat transportiga ustuvor ahamiyat berish kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ma’lum qildi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy yordamga muhtoj 2,2 mln kishi bor. Shavkat Mirziyoyev keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy muassasalar tarbiyalanuvchilari va boshqalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ma’lum qildi.

1 sentabrdan «dekret» to‘lovlarining bir qismini davlat to‘lab beradi

1 sentabrdan boshlab homiladorlik nafaqasi to‘lovlarining bir qismini davlat budjeti hisobidan to‘lash tartibi joriy etiladi. Buning uchun Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilib, unga joriy yilda budjetdan 170 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Urush faxriylariga 15 mln so‘mdan beriladi

9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar va Leningrad qamalidagi asirlarga 15 mln so‘mdan to‘lanadi.

Ramazon hayiti arafasida 65 nafar fuqaro afv etildi

Prezident Ramazon hayiti arafasida tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaroni afv etish bo‘yicha farmonni imzoladi.

O‘zbekistonliklarning real daromadlari o‘sishi sekinlashdi

2022 yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisining real daromadlari o‘sishi 3,3 foizgacha sekinlashdi. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilda 7,7 foizga teng bo‘lgandi. Aholining daromadlar tarkibida pul o‘tkazmalarining ulushi kamaydi. Shu bilan birga, aholi jon boshiga umumiy daromad 3,2 mln so‘mgacha ko‘tarildi.

«Milliy g‘oya sifatida aholini qonun ustuvorligi g‘oyasi atrofida birlashtirishimiz kerak» — adliya vaziri

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov aholini milliy g‘oya sifatida qonun ustuvorligi g‘oyasi atrofida birlashtirish, buni eng avvalo, davlat organlari faoliyatida ta’minlash zarur, deb hisoblaydi. Shuningdek, davlat xizmatchilarining huquqiy tafakkurini isloh qilish, samosud va firibgarlik holatlari ko‘paygani haqida gapirdi. Adliya vazirligi jinoyatlardan yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan mahkumlarni shartli ravishda ozod etishni bekor qilishni rejalashtirmoqda.

O‘zDJTU talabasi o‘z joniga qasd qildi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi o‘z joniga qasd qildi. «Gazeta.uz» manbasining ma’lum qilishicha, u o‘zini 4-qavatdan tashlagan.

Ramazon hayiti kuni masjidlarga kelib-ketish uchun avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi (ro‘yxat)

«Toshshahartransxizmat» tomonidan 2 may kuni Ramazon hayiti bayramida Toshkentda 98 ta masjidga borib-kelish uchun avtobuslar yo‘nalishi tashkil qilindi. Avtobuslar 03:00 dan 06:00 ga qadar harakatlanadi.

Termitlar «Ichan-Qal’a»dagi 33ta tarixiy obidaga jiddiy zarar yetkazmoqda

Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatovning ma’lum qilishicha, «Ichan-Qal’a» tarixiy yodgorlik majmuidagi 33 ta tarixiy obidaning yog‘och o‘ymakorligi ishlanmalariga termitlar jiddiy darajada zarar yetkazmoqda.

To‘qqizta hududda sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin

3−5 may kunlari to‘qqizta viloyatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin xavfi e’lon qilindi. FVV sel xavfi bo‘lganda zarur harakatlar bo‘yicha tavsiyalar berdi.

«Jinoyat sodir qilgan bank mas’ulining boshqa bir bankka borib ishga joylashishi noto‘g‘ri» — Senat raisi

Senat raisi Tanzila Narbayevaning fikricha, tijorat banklarida amalga oshirilayotgan korrupsion holatlar islohotlarga soya solmoqda. Shuningdek, u bitta bankda jinoyat sodir qilgan bank mas’ulining boshqa bir bankka borib ishga joylashishi noto‘g‘ri ekanligini aytib o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Kinder mahsulotlari ustidan nazoratni kuchaytirdi

Jahonda salmonellyoz kasalligi avj olishi fonida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyot choralarini kuchaytirib, davlatga kirib kelayotgan va savdoga chiqarilayotgan barcha shirinliklar qatori Kinder shokoladlari xavfsizligini ham nazoratdan o‘tkazmoqda.

Uzbekistan Airways may oyidan Toshkentdan Batumiga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

21 maydan boshlab Uzbekistan Airways Toshkentdan Batumiga haftasiga ikki marta parvozlarni amalga oshiradi.

Bosh prokurorga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Prezidentning tegishli farmoniga asosan Shoxrux Aminov bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Sirdaryo hamda Navoiy viloyatlarida prokuror lavozimida faoliyat yuritgan.