Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chortoq tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi, deya xabar berdi Departament matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, «H.gyo.», «K.T.» fermer xo‘jaligi va «Ch.m.» MCHJ rahbarlari tumandagi tijorat banki mas’ul xodimlari bilan o‘zaro til biriktirib, 51 nafar fuqaro nomiga quyonchilik va chorvachilik yo‘nalishida ajratilgan 1,3 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Mingbuloq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «T.Yo.» MCHJ rahbari E. Y. hududdagi tijorat banki filiali sobiq mansabdor shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, 8 nafar fuqaroga tikuvchilik yo‘nalishida ajratilgan 143,2 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini MCHJ hisob-raqamiga o‘tkazishga erishib, fuqarolarga mahsulotlari yetkazib berilmasdan, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Andijonda «Xalq banki»ning 13 nafar xodimi 4,6 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda ayblanaytgani haqida yozgan edik.