Jahon banki auditorlik eksperimenti O‘zbekistonda ishga qabul qilish jarayonida gender tengsizligi va nomzodlarning yoshi bilan bog‘liq kuchli diskriminatsiya (kamsitish) mavjud ekanligini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, asosan «erkaklarga xos» va asosan «ayollarga xos» deb hisoblanuvchi mutaxassisliklar mavjud bo‘lgan sharoitda kasb bilan bog‘liq segregatsiya, ya’ni ajratishlar kuzatiladi, ayni paytda ish beruvchilar bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’lonlarda ish izlayotganlarning jinsi, yoshi va tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan talablarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatib o‘tishadi.

Ish beruvchilar aksariyat hollarda muayyan kasblar uchun nomzodlarga gender jihatidan afzallik berishadi, bu, o‘z navbatida, ham erkaklar, ham ayollarning ish bilan ta’minlanish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayollar gender segregatsiyasi sabab ko‘p hollarda kam haq to‘lanadigan ishlarda band bo‘lishga majbur bo‘lishadi, bu esa ish haqi darajasining pasayishiga olib keladi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonda ayollarga to‘lanadigan o‘rtacha ish haqi darajasi erkaklarnikiga qaraganda taxminan 39 foizga kam bo‘lgan.

Tadqiqot mualliflari Sevilya Murodova va Uilyam Zeysning ta’kidlashlaricha, jins bilan bog‘liq kasbiy segregatsiya O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashda gender farqlari paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Buning sabablarini aniqlash qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazishni talab qiladi.

Ko‘plab mamlakatlarda bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida e’lon berish va ishga yollash jarayonida bu singari kamsitishlarning oldini olishning qonuniy asoslari mavjud. Masalan, AQShda ish beruvchi nomzodlarga irqi, terisining rangi, dini, jinsi (jumladan, jinsiy identifikatsiya, jinsiy oriyentatsiya va homiladorlik), millati, yoshi, nogironligi yoki genetik ma’lumotlari tufayli afzallik berilishini nazarda tutuvchi yoki aksincha, ishga yollanish maqsadida ariza berishga rag‘bat uyg‘otmaydigan mazmundagi e’lonlarni joylashtirish huquqiga ega emas.

Buyuk Britaniyada ish beruvchilarga bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e’lonlarda muayyan ijtimoiy guruhlarni kamsitish harakteriga ega bo‘lgan bandlarni kiritish yoki nazarda tutishga ruxsat berilmaydi. Yevropa Ittifoqida mavjud qoidalar esa ittifoqqa a’zo barcha davlatlarda ish beruvchilardan xodimlarni ishga yollash jarayonini hech qanday kamsitishlarsiz tashkil etishni talab qiladi.

Erkaklar va ayollarning ular uchun noan’anaviy hisoblangan ish o‘rinlarida band bo‘lishi uchun teng imkoniyatlarni taqdim etish ish o‘rni uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablar bilan maqbul darajadagi muvofiqlik va yanada samaraliroq mehnat faoliyatiga erishish hamda firmalar foydasini oshirishga yordam beradi. Mualliflar mehnat bozoriga oid ko‘p sonli tadqiqotlarga tayanib, kasbiy integratsiya, umuman olganda, har ikki jins vakillariga o‘z inson kapitali vositasida kompaniyalar faoliyati samaradorligini oshirishga hissa qo‘shishlari uchun imkon yaratishini qayd etadilar.

Tadqiqotda 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan gender tengligini ta’minlash Milliy strategiyasi qabul qilinishi, ayollar mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirish to‘g‘risidagi prezident farmoni va boshqa hujjatlar O‘zbekistonda gender qonunchiligidagi ijobiy siljishlar sifatida qayd etilgan.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, hozirgi kunda erkaklar va ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlar Konstitutsiya va boshqa tegishli qonun hujjatlari bilan kafolatlanganligiga qaramay, ko‘plab sohalarda, jumladan, tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik ishi va matematikada (STEM) ayollarning ishtiroki haligacha yetarli darajada namoyon bo‘lmaydi yoki ular ikkinchi darajali rollarda qolib ketmoqdalar.

Toshkent shahridagi mehnat bozori bo‘yicha tadqiqot tashqi audit so‘rovi shaklida o‘tkazilgan va bunda asosiy e’tibor odatda ish izlashga mo‘ljallangan mahalliy veb-saytlarda e’lon qilinadigan vakant lavozimlar, xususan, buxgalterlar, ofis menejerlari, axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar, payvandchilar, call-markaz operatorlari va haydovchilarga qaratilgan. Mazkur mutaxassisliklar O‘zbekistonda eng ko‘p talab qilinadigan mutaxassisliklarning yillik reytingidan joy olgan.

Tadqiqotchilar bo‘sh ish o‘rinlari uchun onlayn e’lonlar hamda ish beruvchilarning ish izlayotgan erkak va ayollarning rezyumelariga javoblarini tahlil qilishgan.

Eng ko‘p holda «erkaklarga xos» va «ayollarga xos» deb hisoblanuvchi kasblar

Tadqiqotlar davomida faoliyat turiga bog‘liq ravishda erkaklar va ayollarga nisbatan diskriminatsiyaning nihoyatda sezilarli darajasi aniqlangan.

Tahlil qilingan bo‘sh ish o‘rinlari orasida kotiba izlayotgan ish beruvchilar e’lonlarining qariyb 68 foizida nomzodning jinsiga, 72 foizida yoshiga va 22 foizida tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan talablar aks etgan.

Buxgalter lavozimi uchun berilgan e’lonlarning 42 foizi nomzodlar jinsi, 46 foizi esa yoshi bilan bog‘liq talablarni o‘z ichiga oladi.

Call-markaz operatori lavozimi uchun bo‘sh ish o‘rinlarining qariyb 27 foizida nomzodlar jinsi, 28 foizida esa yoshiga oid talablar mavjud.

Qayd etilishicha, asosan erkaklar faoliyat olib boruvchi kasblar uchun bo‘sh ish o‘rinlari (jumladan, IT-mutaxassislari, payvandchilar va haydovchilar) e’lonlarida odatda jins bilan bog‘liq muayyan talablar ko‘zga tashlanmasa-da, o‘zbek va rus tillaridagi matnda ish izlovchilarga nisbatan ko‘pincha erkaklarga nisbatan ishlatiladigan «u» yoki «uning» olmoshlaridan foydalanilgan.

«Ayollar ustunlik qiladigan kasblarda erkak nomzodlarga nisbatan sezilarli diskriminatsiya va erkaklar ustunlik qiladigan kasblarda ayol nomzodlarga nisbatan sezilarli diskriminatsiya kuzatiladi», — deb yozmoqda mualliflar.

Asosan ayollar band bo‘lgan ish o‘rinlari uchun ariza topshirganda, odatdagi ayol nomzodlar 77 foiz hollarda, erkak talabgorlar esa 27 foiz hollarda javob qo‘ng‘iroqlarini olishgan. U holda ish izlayotgan erkak ayollar ustunlik qiladigan kasblar bo‘yicha bir xil miqdordagi javob qo‘ng‘iroqlarini olish uchun o‘rtacha hisobda 185 foiz ko‘proq ariza topshirishiga to‘g‘ri keladi.

Aksincha holda, ya’ni asosan erkaklar band bo‘lgan ish o‘rinlariga ariza topshirganda, odatdagi ayol nomzodlar 14 foiz holatda, erkaklar esa 25 foiz holatda javob qo‘ng‘irog‘ini olishgan. Bunda o‘rtacha ish izlayotgan ayol erkaklar ustunlik qiladigan kasblarda bir xil miqdordagi javob qo‘ng‘iroqlarini olish uchun 79 foiz ko‘proq ariza topshirishi kerak bo‘ladi.

Masalan, buxgalter bo‘lib ishlamoqchi bo‘lgan erkak (ayollar bilan) bir xil miqdordagi javob qo‘ng‘iroqlarini olish uchun 68 foiz ko‘proq ariza topshirishi kerak, call-markaz operatori bo‘lib ishlamoqchi bo‘lgan erkak esa — 45 foiz.

Ofis menejeri sifatida faoliyat yuritish istagidagi erkaklarda javob qo‘ng‘irog‘ini olish ehtimoli juda past. Haqiqiy javob qo‘ng‘iroqlari shu darajada kam ediki, hisob-kitoblarga ko‘ra, erkak nomzod o‘zi bilan bir xil darajadagi tajribaga ega bo‘lgan, bir xil ish o‘rniga da’vogarlik qilayotgan ayol bilan bir xil miqdordagi javob qo‘ng‘iroqlarini olish uchun 5800 foiz ko‘proq ariza topshirishiga to‘g‘ri keladi.

Haydovchi bo‘lib ishlash istagida bo‘lgan ayol esa 171 foiz ko‘proq ariza topshirishiga to‘g‘ri keladi.