Iste’molchilarga asossiz hisoblangan to‘lovlarning yarmi miqdorida ichimlik suvi ta’minoti tashkilotidan kompensatsiya (penya) talab qilish huquqi berilmoqda. Bu haqda «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatib o‘tilgan.

Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur qonun bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi vakolatli davlat organi etib, vazirlik huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari esa sohada davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ ekanligi hamda ularning vakolatlari belgilanmoqda.

Iste’molchilarga asossiz hisoblangan to‘lovlarning yarmi miqdorida ichimlik suvi ta’minoti tashkilotidan kompensatsiya (penya) talab qilish huquqi berilmoqda. Shuningdek, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga oqova suvni chiqarish quvurlariga ifloslantiruvchi moddalarni me’yoridan ortiqcha miqdorda oqizgan shaxslarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini undirish huquqi berilmoqda.

Qonunda ichimlik suvi ta’minoti tashkilotining tarmoqlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ichimlik suvi berish, quvurlardagi va konstruksiyalardagi avariyalar chog‘ida hamda ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilayotganda, shuningdek favqulodda vaziyatlarda ichimlik suvini transportda yetkazib berilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.