Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda O‘zLiDeP fraksiyasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi. O‘zgartirishlar bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar muddatini uzaytirishni nazarda tutadi.

Yil boshidan 30 aprelga qadar o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod qilingan edi. Bu davrda O‘zbekiston hududiga mol, qo‘y va tovuq go‘shti, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar, kartoshka, muzlatilgan baliq kabilarni olib kirish va realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma ham QQSdan ozod qilindi.

Qonun loyihasida ushbu imtiyozlarni (baliq va tovuq go‘shtidan tashqari) 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirish taklif etilmoqda.

Jahon Banki ekspertlari fikricha, Ukrainadagi vaziyat tufayli butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari oxirgi 50 yilda kuzatilmagan rekord darajada oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, o‘simlik yog‘iga bo‘lgan global talab 60% Ukraina va Rossiya eksporti hisobiga qondirilishi hisobga olinsa, dunyo bozordarida o‘simlik yog‘i narxlari yil davomida kamida 30%ga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

«Tabiiyki, bunday holatda o‘simlik yog‘i, shuningdek go‘sht va kartoshka mahsulotlari importiga nisbatan QQS imtiyozlari berilishi aholimizni asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish hamda ushbu mahsulotlar narxlarini bozorlarda barqaror saqlashga xizmat qiladi», — deb yozadi deputat.

Doniyor G‘aniyevning o‘z manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, banan, ananas va boshqa sitruslar uchun bojdan ozod qilish bo‘yicha joriy yilning 1 mayiga qadar berilgan imtiyozlar muddati ham yil oxirigacha uzaytirilishi mumkin.

«Tan olish joizki, bu harakatlar barchasi aholi farovonligini ta’minlash, ularning xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, inflatsiya darajasini 10−12% atrofida ushlab turish imkonini beradi», — deb hisoblaydi G‘aniyev.

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i iste’molining yarmiga yaqini import hisobidan qoplanadi. Bunday sharoitda global bozorda yuz berayotgan har qanday tebranishlar ichki bozordagi narxga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. «Gazeta.uz» avvalroq o‘simlik yog‘i narxining oshishi yaqin oylardagi asosiy muammolardan biriga aylanishi mumkinligini yozgan edi.