Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mamlakatda 151 ta salmonellyoz holati bakteriya bilan zararlangan Belgiya shokoladini iste’mol qilish natijasida yuzaga kelganini aniqladi. Birinchi holatlar 27 mart kuni qayd etilgan edi.

Tashkilotning qayd etishicha, zararlangan shokolad mahsulotlari kamida 113 mamlakatga tarqatilgan.

Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi idoralari tarmog‘i (INFOSAN) tomonidan 10 aprel kuni global yuqumli kasallik haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Shu bilan birga, KKinder Surprise, Kinder Mini Eggs, Kinder Surprise Maxi va Kinder Schoko-Bons brendlari kabi mahsulotlarni qaytarib olish boshlandi, deb yozadi BMT matbuot xizmati.

Tashkilot bayram kunlari shokolad mahsulotlari keng tarqalganini hisobga olib, boshqa mamlakatlarda ham bunday holatlar yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Infeksiyaning bundan keyin ham tarqalish xavfi saqlanib qolmoqda, kasallikning og‘irligi haqidagi ma’lumotlar hamon cheklangan, deyiladi xabarda.

JSST aholiga umumiy oldini olish choralarini eslatmoqda:

  • qo‘llarni sovun va suv bilan yuvish, ayniqsa uy hayvonlari va qishloq hayvonlari bilan aloqa qilgandan keyin yoki hojatxonadan foydalangandan so‘ng;
  • to‘g‘ri pishirish;
  • faqat pasterizatsiyalangan yoki qaynatilgan sutdan foydalanish;
  • muzdan saqlanish, agar u xavfsiz suvdan tayyorlangan bo‘lmasa;
  • meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvish.

Ishlab chiqaruvchilardan salmonellyozning oldini olish uchun oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, ishlab chiqarish va tayyorlash uchun ham savdo korxonalarida, ham uyda nazorat choralarini amalga oshirish talab qilinadi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, respublikada mahsulotlarni iste’mol qilgandan keyin salmonellyoz bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tahririyat so‘roviga ko‘ra, iste’molchilar tomonidan hech qanday shikoyat kelib tushmagani va shunga ko‘ra, olib kirilayotgan partiyalarni tekshirish choralari ko‘rilmaganini bildirdi.