O‘zbekiston Moliya vazirligi choraklik va yillik moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari to‘g‘risidagi nizom loyihasini tayyorlab, uning muhokamasini o‘tkazmoqda.

Buxgalteriya hisobining milliy standartlari asosida moliyaviy hisobot tayyorlaydigan tadbirkorlik subyektlari tomonidan moliyaviy hisobot taqdim etishning quyidagi muddatlari belgilanmoqda:

  • yillik hisobot uchun — hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay;
  • choraklik hisobot uchun — hisobot choragi tugagandan keyin 40 (qirq) kun mobaynida.

Shu bilan birga moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq moliyaviy hisobot tayyorlaydigan tadbirkorlik subyektlari tomonidan moliyaviy hisobot taqdim etishning quyidagi muddatlari belgilanmoqda:

  • yillik hisobot uchun — hisobot yilidan keyingi yilning 15 iyunidan kechiktirmay;
  • choraklik hisobot uchun — 2023 yildan boshlab, hisobot choragi tugagandan keyin 40 (qirq) kun mobaynida.

Moliyaviy hisobotni taqdim etishning taklif etilayotgan muddatlari bir qator rivojlangan davlatlar, jumladan: Fransiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Singapur, Indoneziya, Xitoy, MDHga a’zo davlatlar amaliyoti o‘rganilgan holda belgilandi, deyiladi xabarda.

Hozirda belgilangan hisobot berish muddatlari qat’iy, yangi nizom qabul qilinishi bilan bu talablar o‘z kuchini yo‘qotadi.

Moliya vazirligi takliflarni ifrs@mf.uz elektron pochtasiga yuborishni so‘radi.

Hujjat loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.