Markaziy bank o‘z vaqtida to‘lanmagan kredit qarzdorligi bo‘yicha qarzdorlikni undirish qarz oluvchiga tegishli boshqa mol-mulklarga qaratilmasdan, kafillarning bank kartalaridagi mavjud pul mablag‘lari hisobidan akseptsiz (mijozning roziligisiz) tarzda amalga oshirilayotganiga izoh berdi.

«Mazkur e’tirozlar bo‘yicha kafil bo‘lgan fuqarolar bilan suhbatlashilganda, ular yaqin tanishlariga ishongan holda, qarz oluvchining moliyaviy holatini o‘rganib chiqmasdan hamda kafillik shartnomasi shartlari bilan to‘liq tanishmay turib, shunchaki „rasmiyatchilik uchun“ imzo qo‘yib berayapman, degan fikr bilan kredit bo‘yicha kafil sifatida o‘zlariga moliyaviy majburiyat olganliklari ma’lum bo‘lmoqda», — deyiladi xabarda.

Markaziy bank, shuningdek, kredit bo‘yicha kafil bo‘lgan fuqarolar qonun hujjatlari va o‘zi imzolagan kafillik shartnomalari shartlari, shuningdek, kafillik qay holatlarda bekor bo‘lishi to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega emasligi natijasida kafil, qarz oluvchi va kredit tashkiloti (bank va mikrokredit tashkiloti) o‘rtasida turli tushunmovchiliklar paydo bo‘layotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kafil shaxs kredit mablag‘i ajratgan kredit tashkiloti oldida qarz oluvchi bilan baravar hajmda javob beradi (kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa). Shu jumladan, kafil shaxs kredit tashkilotiga qarzdorning o‘z vaqtida to‘lanmagan kreditining asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini to‘lashdan tashqari, ushbu kreditni undirib olish bilan bog‘liq sud xarajatlarini va qarzdor o‘z majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kredit tashkilotiga yetkazilgan boshqa zararlarni ham to‘laydi.

Markaziy bank kafil bo‘layotganda fuqarolarni o‘zi va qarz oluvchining kelajakda yo‘liqishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklarni to‘g‘ri tahlil qilishga chaqirdi.

«Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati sizlarni boshqa bir shaxsning krediti bo‘yicha kafil sifatida qatnashishdan avval kelajakda o‘zingiz hamda qarz oluvchining moliyaviy holati yomonlashuvi sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni (moliyaviy yo‘qotishlar, kredit tarixi ma’lumotlari yomonlashuvi, turli protsessual jarayonlarda javobgar sifatida qatnashish) to‘g‘ri baholashga, moliyaviy imkoniyatlaringizni aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda tahlil qilishga, shuningdek, havolada keltirilgan tavsiya va ma’lumotlar bilan batafsil tanishib chiqishga chaqiradi», — deyiladi xabarda.