Rossiyaning Fix Price diskaunterlar (ingl. discount — chegirma) tarmog‘i yil boshidan buyon O‘zbekistonda 12 ta do‘konini yopdi, deb yozmoqda Spot kompaniyaning choraklik hisobotiga tayanib.

2021 yil 31 dekabrda mamlakatda 42 ta Fix Price savdo nuqtasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, mart oyi oxirida ularning soni 30 taga qisqargan.

Taqqoslash uchun, 2021 yilning birinchi choragida Fix Price Toshkentda 10 ta manzilni ochdi — har hafta yangi do‘kon faoliyatini boshlagan edi, deb yozadi Spot. Bundan tashqari, discounter O‘zbekistonda katta salohiyatga ega asosiy bozor sifatida o‘z faoliyatini ko‘paytirishni rejalashtirgan.

Uch oy ichida Fix Price 33 ta, shu jumladan Qozog‘istonda bitta do‘konni yopdi. Biroq boshqa mamlakatlarda ham yangi savdo nuqtalari ochildi. Hozir tarmoqda 5083 do‘kon mavjud.

Kompaniya, shuningdek, Qozog‘iston va Belarusda sanitariya cheklovlari, «murakkab makroiqtisodiy va siyosiy muhit» tufayli savdo hajmining kamayganini qayd etdi.