O‘zbekiston prezidenti 26 aprel kuni «Respublikada go‘sht, jun va sut yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni ko‘paytirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, ipak qurti urug‘i, tut ko‘chatlari va pilla yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar, qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari va qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun ko‘zda tutilgan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

Hujjat bilan qorako‘lchilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish ham nazarda tutilgan. Ushbu kreditlar bo‘yicha stavka Markaziy bankning asosiy stavkasiga 4 foizlik bank marjasini (hozirda 17 foiz) qo‘shish yo‘li bilan hisoblab chiqiladi. Ular quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:

  • tadbirkorlarga xorijdan go‘sht, jun va sut yo‘nalishidagi qo‘y va echkilar xarid qilish uchun — 5 yil muddatgacha, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan;
  • tadbirkorlarga ularning ozuqa sexlari (granulyator)ni, go‘sht, jun va sut mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha loyihalarini moliyalashtirish uchun — 10 yil muddatgacha, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yaylovlarda chorva mollarining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun suv chiqarish (quduqlar burg‘ilash yoki mukammal ta’mirlash) va suv inshootiga resurs tejamkor uskunalar o‘rnatish uchun — 5 yil muddatgacha, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan.

Eslatib o‘tamiz, 1 yanvardan ho‘l pilla hosilining 1 kg uchun 5 ming so‘m miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratilishi aytilgandi.

Shuningdek, 2020 yildan boshlab ipakchilik tashkilotlari tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etgani uchun subsidiya berib boriladi.