OAV erkinligini ta’minlash uchun xalqaro tashkilotlarning ko‘magi va professional tajribasi zarur. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, tadbirkor Komil Allamjonov ma’lum qildi.

25 aprel kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashuvda u O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining o‘tmishdagi ahvoli, bugungi kuni va ertaga qanday bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.

«Yillar davomida yopiq bo‘lgan matbuot endi prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli qayta ochildi hamda islohotlar yo‘lidagi qiyinchilik va muammolarga qaramay, tanlangan yo‘l o‘zgarmasdan qoladi», — dedi jamg‘arma rahbari.

Komil Allamjonov BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Boshqarmasi bilan yaqin hamkorlik «o‘zbek matbuoti rivoji, uning erkin faoliyat yuritishi, eng muhimi, aholini turli tajovuzkor va shafqatsiz xorij targ‘ibotlaridan himoya qilishda» muhim ekanini ta’kidladi.

«Albatta, eski tuzumni ushlab turganlar bor, bizning ovozimizni o‘chirishga urinayotgan kuchlar bor. Ammo keyingi yillarda biz inson qadr-qimmati va erkinligi oliyligi sharoitida nafas olmoqdamiz. Biz taslim bo‘lmaymiz», — deb yozdi u.

Ma’lumot uchun, «Chegara bilmas muxbirlar» (Reporters Without Borders) tashkilotining 2021 yil aprel oyida chop etilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 1 pog‘ona pastlab, 180 davlat orasida 157-o‘rinni egalladi. Indeksning pasayishi 2018 yildan beri birinchi marta kuzatildi. Mamlakatdagi vaziyatni «qiyin» deya baholash davom etmoqda.