«Farmasintez» O‘zbekistonda saratonga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya farmatsevtika kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Kompaniya ijrochi direktori Nikita Puniya vaO‘zbekiston Farmatsevtikani rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Kariyev 25 aprel kuni «Innoprom» ko‘rgazmasi doirasida tegishli kelishuvni imzoladi.

Korxona qurilishi 2023 yilda boshlanishi rejalashtirilgan. «Farmasintez» loyihaga 30 mln AQSh dollarigacha sarmoya kiritishi kutilmoqda.

O‘zbekiston kompaniya uchun sobiq sovet hududidagi eng muhim bozorlardan biri, dedi Puniya. U jadal iqtisodiy o‘sishni ta’kidladi, shuningdek, farmatsevtika sanoatida yuqori texnologiyalarni rivojlantirish loyihasini «o‘z vaqtida va to‘g‘ri» deb atadi.

Nikita Puniya farmatsevtika kompaniyasining eng yangi texnologiyalardan foydalangan holda zavod qurilishiga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi — buning uchun qo‘shma bitimlar haqida kelishib olish zarur. Kompaniyaning ishlab chiqarish tajribasi 25 yildan oshadi.

Sardor Kariyev loyiha «Farmsintez»ga O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda ham faoliyatini kengaytirish imkonini berishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatidagi vaziyatni tanqid qilgan edi. Shuningdek, prezident dori ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishga kamida 10 ta yirik xorijiy kompaniyani jalb etish bo‘yicha topshiriq berdi.

5 ta zavodga ega «Farmasintez» Rossiyadagi eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biridir. 1997 yilda Vikram Puniya tomonidan asos solingan. Korxonada onkologiya, OIV, sil, gepatit kasalliklarini davolashga mo‘ljallangan 170 turdan ortiq dori vositalari ishlab chiqariladi.