Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalaridagi yo‘l belgilariga qo‘shimchalar qo‘shildi. Xususan, endilikda “To‘xtab turish” belgisi [5.15] joy turiga qarab ko‘paytirildi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati xabar berdi.


5.15.1 Pullik to‘xtab turish joyi

Unga ko‘ra, 1 maydan mazkur belgiga qo‘shimcha ravishda pullik to‘xtab turish joylarida alohida [5.15.1] belgi bo‘ladi. U ham eski tahrirdagi qoidalardagi belgi kabi bo‘lib, faqat sariq rangda o‘rnatiladi.

“Masalan bu belgi tadbirkor tashkil qilgan pullik avtoturargohlar, avtomobil qo‘yish joylari oldida o‘rnatilishi mumkin”, — deya izohlangan xabarda.

5.15.2 Yer usti avtomobil qo‘yish joyi

Shuningdek, endi yer usti avtomobil qo‘yish joylari uchun ham alohida belgi o‘rnatiladi [5.15.2]. Uning avvalgisidan farqi lotincha P harfi ustiga maxsus belgi qo‘shilgan.

Poytaxt ko‘chalarida ham hozirgi kunda ko‘p qavatli avtoturargohlar, avtomobil qo‘yish joylari tashkil etilmoqda. Ushbu hududlarga kirishdan oldin va yaqinida mazkur belgini ko‘rish mumkin.

5.15.3 Yer osti avtomobil qo‘yish joyi

Yer ostida o‘rnatilgan avtomobil qo‘yish joylariga kirishdan oldin endilikda 5.15.3 belgisi o‘rnatiladi.